Tonggi soat taxminan 5:00 lar edi. Mirobod tumani hududidagi kafelarning birida janjal bo‘layotganligi haqida tuman IIOFMB navbatchilik qismiga xabar tushadi. Tungi xizmatga biriktirilgan JTSB PPX otryadi xodimlari – safdorlar Baxtiyor Isroilov va Ulug‘bek Kaldarov tezda voqea joyiga yo‘naltiriladi.
Xodimlar kelib chiqqan nizoni bartaraf qilib, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatning oldini olishadi. Janjal ko‘targan shaxslardan biri shubhali ko‘ringani bois u bilan suhbatlashish jarayonida o‘zini bejo tuta boshlaydi. Xodimlar xolislar ishtirokida uning yonini tekshirib ko‘rishganida, shimining cho‘ntagidan 35 dona polietilen paketga o‘ralgan sarg‘ish kukunsimon giyohvandlik moddasi hamda 10 dona kapsulada «Zardeks» psixotrop tabletkalari borligi aniqlanadi. Ushbu fuqaroga nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, 2-sonli IIBga olib kelib topshiriladi.
Tuman IIOFMB JTSB PPX otryadi xodimlari – safdorlar Berdiyor Yermekbayev va Ravshan Rahimov o‘zlariga biriktirilgan hudud bo‘ylab xizmat vazifasini o‘tayotgan edi. Shubhali ko‘ringan shaxs to‘xtatilib, uning ma’lumotlari planshetdagi maxsus dastur orqali tekshiriladi. Shundan so‘ng ushbu fuqaro Z.J. ekanligi va Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan ayblanib, qidiruvda ekanligi ma’lum bo‘ladi. Unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tuman IIOFMBga olib boriladi.
Ko‘pgina jinoyatlar o‘tkir tig‘li buyumlar vositasida sodir etiladi. Shu bois PPX xodimlari muntazam ravishda «Tig‘» profilaktik-ogohlantiruv tadbirlarini o‘tkazib kelishadi. Natijada o‘tgan 10 oy davomida
900 dan oshiq holatda o‘tkir tig‘li va boshqa shunga o‘xshash jismlar olib yurgan shaxslar aniqlangan.
Joriy yilning 15-noyabr kuni kech soat 23:00 lar edi. Atrofda hech kim yo‘q. Bir kimsa Yangi Qo‘yliq ko‘chasi bo‘ylab yolg‘iz o‘zi ketayotgandi. Hamkorlikda faoliyat olib borayotgan PPX otryadi xodimi, safdor Jo‘rabek Toshboltayev va profilaktika inspektori, leytenant Sherbek Boymanov uni to‘xtatishadi. Fuqaro shaxsiga aniqlik kiritilib, yonlari tekshirib ko‘rilganda, uning 1969-yilda tug‘ilgan L.A. ekanligi hamda yonida pichoq borligi ma’lum bo‘ldi.
Eng muhimi, jinoyat sodir etilishidan oldin uni bartaraf etishdir. Shu sababli ham xodimlar huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish doirasida avtoulovlarning eshik va oynalarini ochiq holda, o‘t oldirish tizimida kalitni qoldirgan fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazishadi. Shuningdek, qarovsiz qoldirilgan bolalar aravachasi, velosiped, skuter va samokatlarning egalari topilib, ular bilan ham ogohlantirish va profilaktik tushuntirish ishlari olib boriladi.
Xullas, tuman IIOFMB JTSB PPX otryadi xodimlari o‘zlariga yuklatilgan vazifani ado etishda bor kuch va salohiyatini safarbar etmoqdalar.
Sarvar SOBIROV,
o‘z muxbirimiz.
Toshkent shahri.