2002 yilda IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tugatgan Sahovat Meliyeva Yakkasaroy tumani IIBda Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi inspektori lavozimida ish boshladi. Yosh serg‘ayrat, intiluvchan leytenantga bo‘lim katta inspektori, mayor Gulnora Bozorova ustozlik qildi. Sohani tez o‘zlashtirgan Sahovat ko‘p o‘tmay Olmazor tuman IIB XCHKva FR bo‘limida, 2011 yilda esa tuman IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi inspektori lavozimida faoliyatini davom ettirdi. Uning tuman mahallalari raislari, faollari bilan ishlash, ularning boshlarini biriktirib, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jalb etish, sodir etilgan har bir jinoyat va huquqbuzarliklarni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish, targ‘ibot ishlarining samarali tashkillashtirishdagi shijoati, sa’y-harakatlari rahbariyatning e’tiboriga tushdi. 2019 yilda lavhamiz qahramoni Sahovat Meliyeva tuman IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori lavozimiga o‘tkazildi. Shundan buyon Sahovat tumanda joylashgan 64 ta mahalladagi oilalarda yashovchi xotin-qizlarning “issiq-sovug‘idan” boxabar. Mahalla faollari bilan ishni to‘g‘ri tashkillashtirganligi bois, ular yordamida oila a’zolari tomonidan turli tazyiq va zo‘ravonlikka duchor bo‘layotgan, aksariyati andisha hamda or qilib murojaat qilishga botinmaydigan ayollar o‘z vaqtida aniqlanib, mahalla yettiligi, otinoyilar, diniy idora vakillari hamkorligida joyiga chiqib o‘rganilib ularga huquqiy hamda ijtimoiy-moddiy yordam ko‘rsatilib kelinmoqda. Shu o‘rinda “Abubakr Shoshiy” mahalla faoli Maktuba Rizayeva, “Shodiyona” mahallasi faoli Lolaxon Mirsoatovalarning jonkuyarligi, o‘z vazifalariga mas’uliyatini ta’kidlash lozim. Ularning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari tufayli, joriy yilning uch oyida turmush o‘rtog‘i, qaynonasi va oila a’zolari tomonidan, surunkali kamsitib kelinayotgan, zo‘ravonlik, turli tazyiqlarga uchragan qirqdan ortiq xotin-qizlarga himoya orderlari berildi. Bir necha o‘n nafariga ijtimoiy-moddiy yordam ko‘rsatildi.
– Odatda moddiy qiyinchiliklar, yetishmovchilik, ro‘zg‘orning kamu ko‘sti, bir hovlida bir necha oilalar –aka-uka, ovsinlarning yashashi ajrashishlarning asosiy sababi, – deydi podpolkovnik Sabohat Meliyeva. – Kuni kecha bir oilaning ajrimini muhokama qildik. Katta dang‘illama hovli. Yolg‘iz qaynona, o‘ziga o‘zi xizmat qiladi, qandli diabeti bo‘lganligi bois osh-ovqatini o‘ziga o‘zi tayyorlaydi. Kamiga ikki nafar uy xizmatchisi bor. Er-xotin oliy ma’lumotli. Er toparmon-tutarmon. Xotiniga ham avtomashina olib bergan. Bir qiz, bir o‘g‘il farzandlari bor. Biroq xotini erini xiyonatda ayblab, ajrashishga qaror qilgan. Biz har ikkisi bilan tushuntirish ishlarini olib bordik. Biroq ayol “ko‘nglim qolgan, o‘rtada mehr yo‘q, ajrashaman” deb turib oldi. Achinarlisi, farzandning biri “otam bilan yashayman”, desa, ikkinchisi “onam bilan yashayman”, deb turib olgan. Ayni paytda ayoli ota-onasinikida. Hayron qolarli joyi – ayolning ota-onasi uyida katta qizi ham bir farzandi bilan ajrab kelib o‘tiribdi, endi ikkinchi qizi ham ajrashmoqda, ular esa xayrixoh.
Bu kabi ko‘plab voqealarning shohidi bo‘lgan podpolkovnik Sahovat Meliyeva tarbiya avvalo ota-onadan boshlanishi, farzand tarbiyasida kattalarning roli o‘ta muhimligini ta’kidlaydi. Bugungi kunda moddiy boyliklar, ortiqcha hashamat, dabdaba, “kim o‘zarlik”ka berilib, ma’naviyatimiz, qadriyatlarimizni mensimaslik kabi holatlar ko‘payib borayotgani sir emas. Yoshlarimiz, ayniqsa, xotin-qizlarimiz tomonidan “ozodlik”, “erkinlik” tushunchasining salbiy, beo‘xshov talqini keng yoyilayotgani achinarli holdir. Har bir inson baxtli bo‘lishga haqli. Ajrashayotgan er-xotinlar-ku o‘z juftini, baxtini topib ketar, ammo o‘rtada sarson, bag‘ri kemtik, mehrdan mosuvo, arosatda qolgan bolalar-chi?! Ularning haq-huquqi kimning bo‘ynida?!