19 Sentyabr 2024 Yil 1272

Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarning 8 oylik faoliyati sarhisob qilindi

Toshkent shahar IIBBda profilaktika xizmati rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, unda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar tomonidan joriy yilning 8 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yakunlari muhokama qilindi.


Yig‘ilishda inspektorlar tomonidan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishidan himoya qilish, jinoyatlardan barvaqt ogoh etish borasidagi faoliyati o‘z natijasini berayotganligi taʼkidlandi.


Jumladan, hisobot davrida 7 959 nafar ayolning oilaviy ahvoli o‘rganilib, 6 191 ta nizoli oilalar aniqlangan, shundan 3 409 ta oilalarning nizolariga barham berilgan. Tazyiqdan jabr ko‘rgan ayollarga inspektorlar tomonidan 1 165 ta himoya orderlari rasmiylashtirilgan.


Inspektorlari tomonidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida 282 nafar ayollar ishga joylashtirilgan, 590 nafar ayollarga moddiy yordam ko‘rsatilgan, 117 nafari davolanishga muhtojligi aniqlanib, tibbiy dispanserlarga yuborilgan, 60 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashilgan.


Shu bilan birga, ayollarning jismoniy va madaniy rivojlanishiga qaratilgan 2 759 ta tadbirlar o‘tkazilgan. Mahallalarda, o‘quv muassasalarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan uchrashuvlar tashkil etilgan. Ular orasida xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi qonunchilikdagi yangiliklar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgan.


Shuningdek, yig‘ilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilinib, xotin-qizlar o‘rtasida profilaktika ishlari samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Bundan tashqari, ayollarimizni qiynayotgan muammolarni aniqlash va ularni o‘z vaqtida hal etish maqsadida xotin-qizlar bilan ishonchli muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligi taʼkidlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech