30 May 2024 Yil 2069

Xodimlar farzandiga eʼtibor

Dunyoda farzand  orzu-havasida bo‘lmagan insonni topish qiyin. Zotan ular hayotimiz davomchisi, umrimiz mazmuni, kelajagimizni yaratguvchisi, keksayganimizda tirgagimiz va faxrimizdir. 1 iyun – ana shu umidlarimizning inʼikosi bo‘lmish jajji, shirindan-shirin  farzandlarimizning  bayrami. Taʼkidlash lozimki, ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining munosib hordiq chiqarishlari, bayram shukuhidan bahramand bo‘lishlari poytaxt IIBB rahbariyatining eʼtiboridan chetda qolmaydi. Maʼlumki, ushbu tantana arafasida nafaqat  xizmat olib borayotgan balki, o‘z xizmat burchlarini sidqidildan bajarib, jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoatchilik tartibini saqlashda o‘z jonlarini fido qilgan jasur xodimlarning ham farzandlariga eʼtibor  ko‘rsatiladi.


Kuni kecha o‘tkazilgan tadbirga xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan o‘ttizdan ortiq xodimlarning 64 nafar farzandlari o‘z vasiylari bilan birgalikda  taklif etildi. Mehmonlar Toshkent hayvonot bog‘ida bo‘lishib, u yerdagi hayvonot olami bilan tanishibgina qolmay, maskanda faoliyat yuritayotgan barcha attraksion va o‘yingohlarda  o‘ynab zavq olishdi. Ularga atab yozilgan bayram dasturxonida tamaddi qilish chog‘ida bolajonlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. So‘ngra G‘ofur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga yo‘l olishdi. Bog‘dagi barcha ko‘ngilochar  o‘yinlar shu kuni ularning shodon kulgusi va quvonchiga xizmat qildi.


Kichkintoylarning bayrami kattalarga ham bayram kayfiyatini ulashadi. Tabiiyki, aksariyat xodimlar ushbu kunda bolalarimiz mazza qilib istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar maskanlarda  quvnab hordiq olishlari uchun  jamoat tartibini saqlash, ularning osoyishta, bexavotir, emin-erkin quvnab-yayrashlarini taʼminlash ishlariga jalb etiladi. Ammo bu ularning farzandlari ushbu bayram zavqidan bebahra qoladi, degani emas. Xodimlarning farzandlari bayramni munosib o‘tkazishini taʼminlash maqsadida, shahar ichki ishlar xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi tomonidan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi istirohat bog‘lari, ko‘ngilochar maskanlarda miriqib hordiq chiqarishlari uchun chiptalar topshirildi. Albatta, bolajonlar ushbu maskanlarga tashrifi chog‘ida olam-olam quvonchga to‘lib, unutilmas taassurotlar olib qaytadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech