Ota farzandning rahnamosi, deyishadi mashoyixlar. Farzandlar tarbiyasida otalarning o‘rni bo‘lakcha. Vazmin, mulohazali, oriyatli va mard otalar barchaga ibrat. Biroq Mirzohidbek undaylar toifasidan emas. Jinoiy qilmishlari sababli jarimadan axloq tuzatish, ozodlikdan mahrum qilish jazolarigacha tortilgan, xavfli retsidivist deb topilgan Mirzohidbekni 4 nafar farzandning taqdiri qiziqtirmadi. Foydali mehnat ortidan farzandlari oldida aybini yuvish, shaʼn-qimmatini tiklash o‘rniga yana jinoyatga qo‘l urdi. U 2022 yilning 5 yanvarida tanishi X. Raʼnoning ishonchiga kirib, o‘zini katta bir idoraning rahbari deb tanishtirdi. Ayolning uy-joy masalasida muammolari borligini bilgach, unga subsidiya orqali uy olib berishiga ishontirdi. Ishning boshiga 500 AQSH dollarini olib, tez orada qo‘ng‘iroq qilishiga va keyingi ishlarni maslahatlashib olishga vaʼda berdi. Aytilgan kunda va undan keyingi haftalar va oylarda ham qo‘ng‘iroq qilmagach, qo‘ng‘iroqlarga javob bermagach, Raʼno aldanganini angladi va Uchtepa tuman IIO FMBga murojaat qildi. Muqaddam bir necha marotaba firibgarlik jinoyati uchun sudlangan Mirzohidbekning jinoiy qilmishini fosh etish qiyin kechmadi. Tergov jarayonida u qarzga botib ketgani, jabrlanuvchidan olgan pullarini qarzlariga berib, unga keyinroq qaytarish niyatida bo‘lganligini bayon qildi. Aslida qarzi bor odam undan qutulish uchun har qanday ishga rozi bo‘ladi. Mirzohidbekning esa ishlamay turib birovning do‘ppisini birovga kiydirib qarzdan qutulmoqchi bo‘lganligi qiziq.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1998 yilda tug‘ilgan, 4 nafar farzandning otasi bo‘lmish M.Mirzohidbekning jinoiy qilmishini qonunan baholab, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Ayblanuvchining qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, oilaviy sharoitlarini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.
Ushbu jinoyat ishi tafsilotlari Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Shohruhxon Radjabovning ish yurituvidan olindi.