17 Sentyabr 2025 Yil 378

“Xavfsiz va sog‘lom ta’lim dargohi” shiori ostidagi tadbirlar Yunusobod tumanida davom etmoqda

Poytaxtimiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik tadbirlar izchil olib borilmoqda. Shu maqsadlarga: ayniqsa yoshlarni jinoyatchilik, huquqbuzarliklardan asrash, giyohvandlik illatidan himoyalash, barkamol insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan targ‘ibot ishlari oliy ta’lim hamda umumta’lim dargohlari o‘quvchi-talabalari bilan uchrashuv, davra suhbatlari, ochiq muloqot tarzida o‘tkazib kelinmoqda.


Tumanda joylashgan 246-umumta’lim maktabida “Xavfsiz va sog‘lom ta’lim dargohi” shiori ostida o‘quvchilar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Muzaffar Saidazimov hamda tuman prokuraturasi mas’ullari qatnashdi. Ma’ruzachilar “Biz giyohvandlikka qarshimiz”, “Xavfsiz kibermakon oyligida faol bo‘ling” mavzusilaridagi chiqishlarida kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar, kiberfiribgarlik, tovlamachilik hamda giyohvandlik vositalari savdosiga undash, yot g‘oyalar targ‘iboti, ularga qarshi kurashish mavzulariga e’tiborni qaratdi. Shuningdek, jinoyat, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi havola va platformalardan himoyalanish choralari bo‘yicha tavsiya va yo‘riqlar berildi. Yig‘ilganlar e’tiboriga poytaxt IIBB tomonidan giyohvandlik va uning salbiy oqibatlari haqida tayyorlangan videolavha namoyish etildi.


Shu kabi tadbir Yunusobod tumani IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Oybek Atabayev tomonidan tumanda joylashgan 51-umumta’lim maktabida ham olib borildi. O‘quvchilar bilan uchrashuvda yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olish, giyohvandlik illatiga qarshi birgalashib kurashish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish haqida so‘z yuritildi. Xususan, bugungi kunda giyohvandlik moddalarining ijtimoiy tarmoqlar yordamida keng tarqalib borayotgani, o‘smir yoshlarni turli vasvasaga soluvchi va’dalar ya’ni, ishlamay katta pul mablag‘lari topishga ishontirish orqali giyohvandlik savdosi, tarqatilishiga da’vat etish, turli yot g‘oyalarni targ‘ib qilish kabilarning mudhish oqibatlari daliliy misollar yordamida yoritilib, har bir jinoiy qilmishga qonunda belgilangan jazolar haqida ma’lumotlar berildi. Uchrashuv so‘ngida o‘quvchilarning qiziqtirgan savollariga javob berilib, axborot bukletlari tarqatildi.


O‘quv yurtlarida o‘tkazilayotgan bu kabi profilaktik targ‘ibot ishlari ta’lim dargohlarini xavfsizligini ta’minlash, har bir yoshni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, bilim olish va baxtli kelajakni yaratish maskaniga aylantirish yo‘lidagi zaruriy jarayondir. Yoshlarimizni salbiy hatti-harakatlardan asrash, barkamol insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgan targ‘ibot, ogohlik va tushuntirish ishlari barcha bilim dargohlarida davom ettirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech