Poytaxtimiz hududida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning har qanday ko‘rinishlarining oldini olish orqali mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, kriminogen vaziyatni mo‘tadillashtirish, aholi tinchligi-osoyishtaligini ta’minlash, huquq va erkinliklarini, manfaatlarini himoya qilish borasida muhim tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Amalga oshirilayotgan tadbirlar o‘z samarasini berib, ko‘plab jinoyatlarning oldi olinmoqda. Shu o‘rinda joriy yilning 3 noyabrida Prezidentimiz tomonidan imzolangan aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish borasidagi Farmonining ijrosini ta’minlashga qaratilgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasidagi jarayonlarning ham sur’ati jadallashgani ahamiyatlidir.
Joriy yilning 23 noyabr kuni Yakkasaroy tumani hududida tuman IIO FMB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini shubhali tutgan, 2006 yilda tug‘ilgan, R.Yunus xodimlar tomonidan to‘xtatib tekshirildi. Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida, uning yonidan qora rangli izolentaga o‘ralgan 2 dona, og‘irligi 3 grammli giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olindi. Shundan so‘ng uning vaqtincha yashash joyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, qizil izolentaga qadoqlanib o‘ralgan 45 gr giyohvandlik moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat bo‘yicha Yakkasaroy tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.Tergov harakatlari davom etmoqda.
Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Giyohvandlik moddalari yoki kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni tarqatish bilan shug‘ullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, IIVning 71-231-55-54, 71-231-55-00, 77-353-55-00, 77-454-55-00 telefon raqamlariga yoki @stopnarko_bot telegram boti orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.