28 Sentyabr 2024 Yil 902

Xavfsiz Harakat loyihasi Jolbors festivalida to‘rtta mukofotga sazovor bo‘ldi

O‘tgan yilning oktabr oyi oxirida Toshkent shahar IIBB GROSS  sug‘urta kompaniyasi bilan hamkorlikda haydovchilarning xabardorligini oshirish, svetofor va tezlik meʼyorlariga rioya qilishni targ‘ib qilish hamda poytaxtda yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirishga qaratilgan Xavfsiz Harakat  ijtimoiy loyihasini ishga tushirgan edi.


Ushbu loyiha 22 sentabr kuni Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan Jolbors  Markaziy Osiyo kommunikatsiyalar festivalida to‘rtta mukofotga sazovor bo‘lgani quvonarlidir. Jolbors Festival  Markaziy Osiyodagi yetakchi reklama festivallaridan biri bo‘lib, har yili MDH davlatlaridan ijodiy soha vakillarini birlashtiradi.


Loyiha “Marketing” yo‘nalishida "Tajriba va brendni faollashtirish" nominatsiyasida oltin, "Matbuot va tashqi reklama" hamda “Media” yo‘nalishlarida “G‘oyalar” va "Bosma materiallardan ijodiy foydalanish" nominatsiyalarida kumush, “Strategiya” yo‘nalishida bronza medallariga sazovor bo‘ldi.


Xavfsiz Harakat loyihasi doirasida kattalar va bolalarni piyoda yo‘llarda yana-da ko‘zga tashlanadigan qiluvchi nur qaytaruvchi elementli shopper sumkalar ishlab chiqildi. Toshkent shahar IIBB GROSS  sug‘urta kompaniyasi, Uzum jamoasi, va  Vazari marketing agentligi maktab o‘quvchilari uchun bir qator tadbirlar o‘tkazib, ularga yo‘llarda yurish qoidalarini tushuntirdi hamda piyodalar o‘tish joyi belgisi tushirilgan sumkalarni sovg‘a qildi.


Toshkent shahar IIBB Xavfsiz Harakat  ijtimoiy loyihasining tashkilotchisi bo‘lib, tashabbusni qizg‘in qo‘llab-quvvatladi. Ushbu hamkorlik Toshkent shahrida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish tadbirlarida o‘zaro yordam ko‘rsatishga qaratilgan.

Barcha yangiliklar

Text to speech