Otang bozor, onang bozor, degan gap bejizga aytilmagan. Faqat bu go‘shada turfa xil odamlar, turfa fe'l-atvor, rang-baranglik, halollik va poklik, foyda va zarar, odamiylik fazilatlari bir-birlari bilan ayqash-uyqash. Xaridor arzon olish ilinjida, sotuvchi qimmat sotish harakatida. Qancha sotuvchi, qancha xaridor bo‘lsa, shuncha muomala, shuncha muloqot. Odamlar bilan ishlashning o‘zgacha qiyinchiligi bor. Buni poytaxtning Yunusobod tumani IIO FMB Patrul-post xizmati otryadi Patrul-post xizmati inspektori, safdor Nelya Beknazarova juda yaxshi biladi. Negaki, u tumanning arining inidek eng sergavjum va serqatnov, kecha-yu kunduz harakat tinmagan “Yunusobod” dehqon bozorida xizmat olib boradi. Bozor hamda uning atrofida jamoat xavfsizligini ta'minlash, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning kunlik ro‘zg‘or-tirikchiligi ehtiyojlarini bemalol amalga oshirishini himoyalash barobarida hududda huquqbuzarliklar, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik asosiy vazifalaridan biri. Yuqorida bu borada o‘ziga yarasha qiyinchiliklar bor deya, ta'kidlagandik. Bu bejizga emas. Bozorda ozor bo‘lmasligi kerak. Ammo... bozor hududida o‘g‘irlik, o‘zaro kelishmovchiliklar, janjallar, savdo qoidalarining buzilishlari tez-tez bo‘lmasa-da, har zamon, har zamonda uchrab turadi. Ularning oldini olish noqonuniy savdolarga chek qo‘yish, mayda kissavurlar, firibgarlarni ushlash chog‘ida jismoniy kuch ishlatishga to‘g‘ri kelishi ham bor gap.
– Safdor Nelya bilan ishlash xodimlarimizni ruhlantiradi,–deydi guruh komandiri, katta serjant Davron Talipov. – Chunki, hamisha ochiq yuz va xush kayfiyati atrofdagilarga ham ijobiy ta'sir etadi. Oliy ma'lumotli, ma'lumotiga ko‘ra tarixchi-huquqshunos bo‘lgan Nelyadan yurtimiz, dunyo tarixiga oid qiziqarli ko‘p ma'lumotlarni o‘rganish mumkin. Kamsuqum, o‘qib-o‘rganishga ishtiyoqi baland, mas'uliyatli bu xodimamiz o‘z ishining fidoyisi. Jismoniy tayyorgarligi, kasb tayyorgarligi yuqori darajada bo‘lgan Nelya huquqbuzarliklarni oldini olishda hamkasblariga o‘rnak. Hamkasbimizning noqonuniy savdo qilishga uringan, mavjud jamoat va bozor qoidalarga rioya qilmagan, bezorilik hatto kuch ishlatishgacha bo‘lgan qator xatti-harakatlarga duch kelganida og‘ir-vazminlik, chapdastlik va mahorat bilan “zo‘ravonlarni” “taslim” qilgan holatlarini e'tirof etish kerak.
Lavhamiz qahramonining ichki ishlar organlariga xizmatga kelishida uzoq yillar poytaxtning Uchtepa tumani IIO FMB da xizmat qilib, mayor unvonida nafaqaga chiqqan ammasi Tat'yana Beknazarovaning ta'siri katta. 2010 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetini muvaffaqiyatli tugatgan Nelya Toshkent shahar IIBB brigadasi 1-otryad safdori lavozimida ilk xizmatini boshladi. Bosh boshqarma JTSB Brigadasi 1-otryad komandiri, leytenant Ibrohim Qurbonaliev ustozligida xizmatga yo‘naltiruvchi me'yoriy hujjatlar, vazifalarini sinchkovlik va ishtiyoq bilan o‘rgandi. Tabiatan ziyrak va intiluvchan Nelya otryadning saralash guruhidagi faoliyati davrida ko‘plab huquqbuzarliklarni fosh etib, rahbariyatning e'tiboriga tushdi. 2021 yilda poytaxtimizning yirik bozorlaridan birida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yuqoridagi lavozimga tavsiya etildi. Ayni damda xizmat burchiga sidqidildan, vijdonan yondashib kelayotgan Nelya hududda tinchlik-osoyishtalikni saqlashda faol. Xizmatni a'lo darajada bajarib, hamkasblarining hurmat-e'tiborini qozongan safdor N.Beknazarova oilada o‘z farzandlik, uy bekasilik, onalik vazifasi va burchini to‘laqonli bajarishga ulgurayotgan ayoldir. Yetmish yoshni qoralagan onasi Lyudmila opa hamisha uning maslakdoshi va baxt-saodati duogo‘yi. Hali voyaga yetmagan qizi Amaliya esa oilaning kelajak orzu-umidlari, baxtli va go‘zal hayotining poydevoridir. Ajabmas, ulg‘ayib kasb tanlash yoshiga yetganida o‘z hayot mazmunini topgan, sevimli kasbida g‘ayrat va shijoat bilan xizmat qilayotgan onajonisining kasbini tanlasa.