25 Yanvar 2024 Yil 594

Har bir murojaat nazoratda

Aholi bilan yaqin muloqotda bo‘lish, ularning muammolarini tinglash va ijobiy hal etish ayni kunda har bir rahbarning kundalik ishiga aylangan.

Poytaxt IIBB va uning quyi tizimlarida o‘tkazib kelinayotgan sayyor va shaxsiy qabullar aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatovning shaxsiy qabuliga joriy yilning 20 kuni davomida 58 nafar fuqarolar murojaat qilgan. Murojaatlarning 25 tasi joyida ijobiy hal etilgan, 20 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan, 13 ta murojaat yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, hal etish uchun muddat belgilangan.

Misol uchun, Yangihayot tumanida istiqomat qiluvchi N.Ikrom yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan biriga ko‘chib kirganligini, lekin quruvchilar tomonidan elektr tokini xonadonga ulash uskunasi o‘rnatilmaganligini bildirib, ushbu muammoni hal qilishda amaliy yordam so‘ragan. Uning muammosi o‘rganilib, xonadondagi elektr toki umumiy yo‘lakdagi hisoblash uskunasiga ulab berilgan.

Yana bir fuqaro O.Shoira nafaqada ekanligini, lekin yana ishlash ishtiyoqi borligini maʼlum qilib, ish topib berishda amaliy yordam so‘ragan. Uning murojaati ham o‘rganilib, ijobiy hal etildi. O‘z uyiga yaqin joyda – Yangihayot tumanidagi davlat tashkilotlaridan biriga yordamchi xodim sifatida ishga joylashtirildi.

Bundan tashqari bosh boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari tomonidan o‘tkazilgan shaxsiy qabullar davomida 227 ta murojaatchining muammolari o‘rganilib, hal etilgan.

Barcha yangiliklar

Text to speech