19 Sentyabr 2024 Yil 1192

Har bir murojaat eʼtiborda

           Aholi bilan bevosita muloqot asnosida ularning dardu-tashvishlari, qanday ijtimoiy, maʼnaviy maishiy yordamga muhtojligini o‘rganish borasida poytaxt IIBB va Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda joylarda sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda. Poytaxtimizning gullab-yashnashi, fuqarolarimizning emin-erkin hayot kechirishi, ishlashi, o‘qishi, tinch-osoyishtaligi ularning  murojaatlari, muammo va  takliflariga ko‘p jihatdan bog‘liqligi bois, yuzaga kelgan kamchiliklarni o‘zaro hamkorlikda bartaraf etib kelinmoqda. Kuni kecha Toshkent shahar 3-sektori rahbari – poytaxt IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Tashpulatov tomonidan Yakkasaroy tumani “Konstitutsiya” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Xalq qabulxonasi boshlig‘i Toxir Mullajonov va Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allaberganova, shuningdek tuman sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.


Qabulda 68 nafar fuqarodan tushgan murojaatlarning 33 tasi ijobiy hal etildi, 12 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilib,  22 tasining ijrosi nazoratga olindi. Murojaatlarning aksariyati  yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, yo‘l belgilarini o‘rnatish, subsidiya va kredit olish, davolanish uchun order ajratilishi, ishga kirish, tergovga qadar tekshiruv va jinoyat ishlariga oid masalalarni tashkil etdi. Shu bilan birga, avvalgi murojaatlari hal bo‘lgan fuqarolar minnatdorlik bildirgani kelishdi. Chunonchi, “Belariq” fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Z.Hasanovaga o‘z-o‘zini band etish maqsadida tikuv mashinasi, fuqaro N.Maqsutovaga esa monoblok va printer ajratilgani uchun o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi.


Shuningdek,  ijtimoiy masalalarga oid murojaatlarning 5 tasi  joyida ko‘rib chiqilib, ijobiy yechimini topdi. Bundan tashqari  muddatidan oldin ozodlikka chiqarish masalasida murojaat qilgan probatsiya hisobida turgan 9 nafar fuqaroning  iltimosnomalari  qo‘shimcha o‘rganib chiqish uchun qabul qilindi.


Bu kabi sayyor qabullar aholining murojaatini qisqa muddatda hal etilishiga va rozi qilishga ko‘mak bermoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech