Yurtboshimizning joriy yil boshida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan qarorining qabul qilinishi bu borada amalga oshirilayotgan ishlar surʼatini jadallashtirdi. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash doirasida poytaxtimizning barcha tumanlarida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Shunday tadbirlarning biri Yangihayot tumanida joylashgan “Yo‘ldosh” mahallasida bo‘lib o‘tdi. Tuman IIO FMB masʼullari mahalla “yettiligi”, faollari bilan hamkorlikda sayyor qabullar o‘tkazib, mahallaning 8 hamda 9-mavzelarida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan uchrashib, ularning muammolariga eʼtiborni qaratishdi. Xususan, ko‘p qavatli uylar oralig‘ida joylashgan bolalarning futbol maydonida yuzaga kelgan tartibsizliklar, tungi vaqtdagi jamoat tartibining buzilish hollari bo‘yicha murojaatlari o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Ayrim fuqarolarning o‘zlariga tegishli xonadonlarni ijaraga berish, vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish, oilaviy munosabatlar va boshqa ko‘plab muammolariga qonuniy yechimlar ko‘rsatildi. Mahallalarning joylashuvi hamda ko‘plab fuqarolarning iltimos va murojaatlari inobatga olinib, mahalla hududiga ikki bosqichda xizmat olib boruvchi patrul-post xizmati xodimlaridan iborat piyoda naryadlari ajratildi hamda ushbu hudud yo‘nalishida kechayu kunduz xizmat olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu kabi mahallalardagi muammolarni o‘rganish, mazkur go‘shalarda tinchlik va xotirjamlikni taʼminlashga qaratilgan jarayonlar poytaxtimizning barcha tumanlarida amalga oshirilmoqda.