27 Noyabr 2025 Yil 208

Hammaga birdek zarur bo‘lgan profilaktik tadbirlar

Poytaxtimizda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbiri davom etmoqda. Mazkur keng qamrovli tadbir jarayoni mavjud mahallalar, korxona-tashkilotlar, o‘quv muassasalari, aholining barcha qatlamlarini qamragan. Tadbirda hududlarda jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamiyatimiz hayotiga jiddiy xavf solayotgan kibermakondagi jinoyatlar, global muammoga aylanib borayotgan giyohvandlikning noqonuniy aylanmasi hamda tarqatilishining oldini olish ishlariga muhim ahamiyat berilmoqda. Xususan, poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan Quyuv-mexanika zavodida “Kibermadaniyatni yuksaltirish” oyligi doirasida tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Ulug‘bek Agzamxodjayev tomonidan ochiq muloqot tarzidagi profilaktik uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Zavod maʼmuriyati, ishchi-xizmatchilari qatnashgan uchrashuvda U.Agzamxodjayev yig‘ilganlar eʼtiboriga ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarliklarning turli ko‘rinishlari, giyohvand moddalar oldi-sotdisiga daʼvat, diniy-ekstremistik qarashlar targ‘ibi, ularning salbiy va mudhish oqibatlari haqida batafsil maʼlumotlarni taqdim etdi. Shu bilan birga ulardan himoyalanish, soxta, tasdiqlanmagan maʼlumotlardan ogoh bo‘lish bo‘yicha tavsiyalar berib, uyda farzandlarining nimalar bilan mashg‘ulligi, ijtimoiy tarmoqlarda nimalarni kuzatayotgani, qanday havolalardan foydalanayotganliklariga ahamiyat berishga chaqirdi. Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish, internetdan foydalanishda ehtiyot choralarini ko‘rish, narkojinoyatchilikka qarshi kurash, yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish, ekologiya masalalari, xususan, hududlarda tozalikni taʼminlash, suv nasoslarini ishga tushirish, yuvish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish zarurligi ham ko‘rsatib o‘tildi. O‘tkazilgan uchrashuv zavod jamoasi o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, xavfsizlik masalalariga eʼtiborni kuchaytirish hamda ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan muhim va foydali tadbir bo‘ldi.

Barcha yangiliklar

Text to speech