17 Mart 2025 Yil 253

Halollik – insoniy ziynat

Ichki ishlar tizimlarida sohalar ko‘p. Ayrimlar o‘z imkoniyati, shart-sharoiti yoki boshqa sabablarga ko‘ra u sohadan bu sohaga “ko‘chib” yursa, ayrimlar bir yo‘lni tanladimi, oxirigacha unga “sodiq” qolishadi. Yillar o‘tgan sari kasbiga mehr qo‘yib, malakasi, tajribasini oshirib boraveradi. Dilshod maktabni bitiriboq Respublika IIV Akademiyasiga hujjatlarini topshirdi. 2011 yilda O‘zbekiston IIV Akademiyasini tamomlab, Yunusobod tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limiga xizmatga kelganida ustozi: bo‘lim katta tezkor vakili, mayor Rustam O‘ktamov “ uzog‘i bilan bir-ikki yil ishlab, yengilroq xizmatni ko‘zlab ketadi”, degan xayolga borgandi. Chunki, kechami kunduzmi halovatini buzib, qor demay, yomg‘ir demay soatlab, kunlab, och-nahor, noqulay joylarga moslashib jinoyatchining yo‘lini poylashning, “tinch yo‘l” bilan qo‘lga olishning o‘zi bo‘lmaydi. Asablar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Biroq Dilshod ustozlari mayor R.O‘ktamov, bo‘linma boshlig‘i, mayor Akrom Yunusxodjaev, katta tezkor vakil, kapitan Mahmud Yusupovlarning nafaqat ishonchini qozondi, balki hurmatiga sazovor bo‘ldi. Ichki ishlarda jinoyat qidiruv xizmatini kasb ham hunar ham deyish birdek to‘g‘ri. Chunki, jinoyatchini aniqlashdan to uni ushlab tegishli jazoga tortishgacha bo‘lgan jarayonda bu har ikkisi ayqash-uyqash. O‘z ishiga katta qiziqish, sidqidillik bilan yondashgan lavhamiz qahramoni xizmat barobarida sport mashg‘ulotlarini ham tashlab qo‘ymadi. Sport va xizmatni birgalikda olib borgan Dilshod ichki ishlar organlarida qo‘l janggi bo‘yicha tizimlararo o‘tkazilgan musobaqalarda o‘z vazn toifasida hamisha g‘oliblikni qo‘lga kiritib keldi. Sportning sambo, qo‘l janggi turlari bo‘yicha sport ustasi bo‘lgan qahramonimiz jinoyatchilarni qo‘lga olishda, o‘z mahorati va ustunligini ko‘p marotalab namoyish etdi. Uning o‘z ishiga bo‘lgan munosabati, shijoati Bosh boshqarma rahbariyatining e'tiboridan chetda qolmadi. Jinoyatchilarga murosasizligi, malakasi, tajribasini hisobga olgan holda uni kriminogen vaziyatlar og‘ir bo‘lgan tumanlarga yo‘llashdi, rahbarlik lavozimlarini ishonib topshirishdi. Shu tariqa u poytaxtimizning qator tumanlarida jinoyat-qidiruv sohasida xizmatini davom ettirdi. Bugungi kunda podpolkovnik Dilshod Baxodirovich Yangihayot tumani IIO FMB Tezkor qidiruv xizmati JQB katta tezkor vakili lavozimida faoliyatini davom ettirmoqda. Shu yillar davomida ko‘plab jinoyatchilarni shaxsan o‘zi qo‘lga olgan. “Aka, aytganingizni beraman, so‘rang, faqat qo‘yib yuboring.” “Mana buni oling-da qo‘yib yuboring. Kim ko‘rib o‘tiribdi, tuya ko‘rdingmi, yo‘q”. “Aytganingizni beraman, faqat qo‘yvoring”, deganlar qancha bo‘ldi. Biroq, oddiy ishchi bo‘lgan otasi Bahodir aka, hamshira bo‘lgan onasi Durdona opalarning halollikni singdirgani, halol luqma bilan voyaga yetkazgani, kamsuqum yashab, boylik uchun o‘zlarini o‘tga-cho‘qqa urmaganiga guvoh bo‘lgan Dilshod bu vasvasalarga uchmadi. Aksincha, jinoyatchilarni jinoyatga yetaklagan sabab, oxir-oqibatini o‘ylamaslik kabi ruhiy holatlariga qiziqqan Dilshod voqealardan biri haqida shunday so‘zlaydi:

– O‘n besh kishidan iborat giyohvand va giyohvandlik bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy to‘dani qo‘lga olishga to‘g‘ri kelgan. Ular orasida voyaga yetmaganlar ham, keksa yoshdagilar, ayollar ham, oliy ma'lumotli shaxslar ham bor edi, – deydi podpolkovnik D.Dekanbaev. – O‘zlari-ku razolat botqog‘ida o‘z farzandlarini ham bunga tortganlarini ko‘rib, achinib ketganman. “Katta arava qayoqqa yursa, kichigi ham shu yoqqa yuradi”, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Boshida o‘zgalarga sotish orqali boylik orttirganlar, o‘zlari ham bu “dardga” mubtalo bo‘lgach, vaqt o‘tib bor-budini og‘uni sotib olishga sarflashgan.
Ko‘p yillardan buyon bir sohada xizmat qilib kelayotgan Dilshod o‘z kasbidan faxrlanadi. Rahbar lavozimlarida ishlagani, sportda erishgan qator muvaffaqiyatlariga qaramay, o‘ta kamtar va ochiqko‘ngil. Bir paytlar shogird bo‘lgan Dilshod bugun o‘zi ham ko‘pchilikka ustoz. Ayni damda turmush o‘rtog‘i Muxlisaxon bilan ikki o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab kelishmoqda. Ishining jiddiyligi hamda zalvoriga qaramay, farzandlarining kelajagiga javobgar ekanligi hamisha yodida. Darvoqe' akasi Sherzod va ukasi Bekzodlar ham ichki ishlar xodimlari. Ajabmas, farzandlar ham bu sulola ishini davom ettirsa...

Barcha yangiliklar

Navbatchilik qismi

102

Ishonch telefoni

1102

Turistlar uchun

1173

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izoxingiz yoki to`g`ri versiya: