19 Noyabr 2024 Yil 211

Halol ishlagan xor bo‘lmas

Mamurjon Aripovning yo‘llarda harakatlanayotgan transport vositalari oqimini tartibga solayotgan, harakatlanish qoidalarini buzib harakatlanayotgan avtomashinani aniqlab to‘xtatayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining harakatlarini qiziqib  kuzatardi. Bir qaraganda tekis harakatlanayotgan avtomashina haydovchisining qoidabuzarlik sodir etganini qanday aniqlayotganini bilishga juda qiziqardi. Ayniqsa, Farg‘ona viloyati Beshariq tumani IIB YHXB xizmatida uzoq yillar ishlagan mayor Davlatjon Jo‘rayevga havasi kelardi. Mamurjon mazkur kasbga ishtiyoq uyg‘otgan bu insonni hali-hanuz o‘ziga ustoz deb biladi. 1995 yilda Respublika Qurolli Kuchlarida o‘z yigitlik burchini o‘tab qaytgan Mamurjon Toshkent shahar IIBB YHXB (o‘sha davrlardagi DAN) da haydovchi lavozimida xizmatni boshladi. O‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishda faol qatnashgan Mamurjon 2000 yilda poytaxt IIBB YHXB yo‘l-patrul xizmati brigadasi 3-batalyon, 2-safarbarlik guruhi inspektori lavozimiga o‘tkazildi. Inspektorlar: katta serjantlar Rustam Xolmatov, Abdumansur Tillaboyevlarni o‘ziga ustoz deb biladi. Ayniqsa, 4-otryad komandiri, podpolkovnik Mavlon Agzamovning ish uslubi, xodimlar bilan muomalasi, ilk bor qoidabuzarga dalolatnoma yozish, haydovchi bilan qanday muomala qilish, qoidabuzarlikni qanday tushuntirish va hatto qanday xayrlashishgacha bo‘lgan mayda-chuyda tuyulgan  jarayonni erinmay o‘rgatgan bu insonni o‘zgacha ehtirom va minnatdorlik bilan tilga oladi. Har bir o‘tkazgan yo‘riqnomada, xodimlar oldiga aniq, lo‘nda, tushunarli talablarni qo‘ya olishi xodimlarning hurmati va ishonchini qozonganini Mamurjon uchun katta maktab bo‘lganini eʼtirof etadi. 2010 yil kech kuz. Xizmat yo‘riqnomasida aniq vazifalarni olib xizmatga kirishgan qahramonimiz Uchtepa tumanidagi shahar va viloyat chegarasida joylashgan  “Nazarbek” yo‘l-patrul xizmati maskanida tungi xizmatni olib borayotgandi. Izg‘irin, sharros quyayotgan yomg‘irdan ikki metrdan uzoqroq masofani ko‘rish imkoni deyarli yo‘q. Qora rangli Lasetti avtomashinasi – agar chiroqlari bo‘lmaganida tun va yomg‘ir pardasi ortidan uni ko‘rish ancha mushkul edi. To‘xtatib hujjatlari so‘ralganida haydovchi kalovlanib, atay vaqtni cho‘zib, go‘yoki hujjat qidirayotgandek timirskilana boshladi. Ammo motorni o‘chirmay, o‘ng qo‘li bilan tezlik richagini qo‘yib yubormay turganidan hushyor tortgan Mamurjon avtomashina eshigidan ikki qadam ortga tisarilib, to‘pponchasini oldi va mashina yukxonasini ochishni buyurdi. Haydovchi “Aka, qarindoshlarim mosh so‘ragandi, bir qop mosh olib ketayotgandim. Shunday havoda ovora qilmay, sizni. Bilaman ishingiz qiyin. Keling, meni ham ovora qilmang, tezroq uyimga yetib olay", deya yukxonani ochishni paysalga sola boshladi. Mashina yukxonasini ko‘zdan kechirish maqsadida egilmoqchi bo‘lgan Mamurjonni haydovchi tepib, yukxona eshigi bilan siqib qo‘yishga urindi. Barmog‘i sinishiga qaramay Mamurjon haydovchini yerga yiqitdi. Yukxona ko‘zdan kechirilganda, 900 grammga yaqin giyohvandlik moddasi topildi. Oradan ko‘p o‘tmay “Erkin” YPX maskanida katta miqdorda giyohvandlik moddasini to‘xtatib qolishga erishdi. Voqea esa bunday bo‘lgandi. Tonggi soat 04.00 larda VAZ-2109 avtomashinasi to‘xtatildi. Avtomashina yo‘lovchisi: “Aka, biz Samarqanddan janozadan kelyapmiz. Shoshilib turibmiz, qo‘yvoraqoling. Undan ko‘ra mana bu Samarqand nonini oling-da issiqqina choy bilan iching!”, deya non uzatdi. Mamurjon: “Rahmat, avval xizmatimizni bajaraylik, non bo‘lsa qochmas“, deya tekshirishga kirishdi. Avtomashina saloni tekshirilib bo‘lingach, navbat yukxonasiga keldi. Biroq hech qanday qonunbuzarlik aniqlanmadi. Mamurjonning diqqatini avtomashinaning old qismiga suyanib turgan yo‘lovchi tortdi. Mamurjon yo‘lovchiga nega egilib turganini so‘raganida u “belim og‘riydi, egilib yuraman, shunga o‘rganganman”, dedi. Ammo Mamurjonga sinchkovligi pand bermadi, uning qo‘li qaltirayotganini sezdi va ustki kiyimini yechishni so‘radi.  Aniqlanishicha, yo‘lovchi bir kilodan ortiq giyohvandlik moddasini beliga belbog‘ singari bog‘lab olgan ekan. Shaxsan Mamurjon tomonidan bu kabi ko‘plab jinoyatlar ochilgan. Misol keltirganlarimiz xamir uchidan patir.  Sidqidildan xizmatlari, xizmatiga vijdonan yondashishi, kasbiga fidoyiligi, qonunbuzarlar, qoidabuzarlarga murosasizligi tufayli u IIBB rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar, faxriy yorliqlar, pul mukofotlari bilan taqdirlanib kelinmoqda. Shu yilning 25 oktyabr Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan katta serjant Mamurjon Aripov O‘zbekiston Respublikasi IIVning 1-darajali “ Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mamurjon mazkur mukofotda birgalikda xizmat olib borayotgan kasbdoshlari, soha xodimlarining ham xizmatlari borligini eʼtirof etgan holda, bu zimmasiga yana-da katta masʼuliyat yuklashini taʼkidlaydi.


Barcha yangiliklar

Text to speech