1 Noyabr 2025 Yil 247

Haftalik doirasida: oila-turmushdagi muammolar yechimi

Jamiyatimizda ayollarning o‘rni va nufuziga hamisha katta eʼtibor va hurmat bilan yondashilgan. Sharq ayollarining donolik, vafo, sadoqat, mehr-shafqat va go‘zallik borasidagi tavsifi asrlar davomida madh etib kelingan. Biroq bugungi globallashuv davrida ayollarimiz tomonidan maʼmuriy hamda jinoiy qonunbuzilish holatlarining qayd etilayotgani barobarida ularga nisbatan zo‘ravonlik, turli tazyiq va kamsitilishlarning sodir etilayotgani ham sir emas. Bu kabi har ikki salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan “Oila-turmush” haftaligi o‘tkazilmoqda. Haftalik davomida mutasaddi tashkilot masʼullari hamkorligida olti yuzdan ortiq oilalar o‘rganildi. O‘rganishlar davomida 788 nafar ayoldan 258 nafarining ishsizligi aniqlandi. Joylarda IIO FMB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan jami yetmishdan ortiq nosog‘lom hayot tarzi kechirayotgan shaxslarning oilalari xonadonbay o‘rganilib, o‘tkazilgan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar jarayonida ularning muammolari tinglandi. Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar, mutasaddi tashkilotlar hamkorligida ayollarning 10 nafari ishga joylashtirildi, 29 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi, 2 nafari tibbiy dispanserga yuborildi, 6 nafariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qayta tiklanishida, 5 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga ko‘yishda yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 7 nafari taʼlim muassasalariga qaytarildi, 8 nafari “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaz”lariga joylashtirildi.

Taʼkidlash joizki, bu boradagi ishlar hamisha IIBB rahbariyatining doimiy diqqat markazida bo‘lib, ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Fikrimizning dalili sifatida quyidagi misollarni keltirish mumkin. Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaro A.R.ning oilasida muntazam ravishda janjal bo‘lib, turmush o‘rtog‘i tomonidan ayoliga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etib kelinganligi bois oila ajrim yoqasiga kelib qolgandi. Tuman IIO FMB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan ushbu holat o‘rganilib, himoya orderi rasmiylashtirildi. Olib borilgan profilaktik suhbatlar, muammoga individual yondashuvlar natijasida ular o‘zaro yarashib olishdi va tinch-totuv yashab kelishmoqda.

Yangihayot tumanida yashovchi nogironligi bo‘lgan M.Sh.ga bolalar massajini o‘rganish bo‘yicha o‘quv kursida o‘qish yuzasidan yo‘llanma berilgan edi. Ayol bugungi kunda kasb-hunar o‘rganib, o‘zini o‘zi band qilib ishlab kelmoqda. Shahrimiz xotin-qizlarining muammolarini o‘rganish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatning to‘laqonli, faol fuqarolariga aylantirish borasidagi ezgu ishlar ko‘lami davom ettirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech