Toshkentda iste'molga yaroqsiz go‘sht olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik tadbirlar davom etmoqda
Poytaxtimizda sifatsiz go‘sht-sut mahsulotlarini aniqlash, tegishli hujjatlarsiz go‘sht va sut mahsulotlarini sotishning oldini olishga qaratilgan maqsadli profilaktik tadbirlar va reydlar muntazam o‘tkazib kelinadi. Toshkent shahar IIBB JTSB Karantin tadbirlarini ta'minlash guruhi xodimlari sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari bilan birga avgust oyining 10 kuni davomida poytaxtga 1 497 kg sifatsiz go‘sht mahsulotlarini olib kirilishining oldi olindi.
Misol uchun, joriy yilning 10 avgust kuni Chilonzor tumani TXAY bo‘ylab o‘tkazilgan tungi tadbir paytida Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan 28 yoshli Qodirjon X. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatildi. Tekshiruv jarayonida veterenariya hujjatlariga ega bo‘lmagan, maydalangan va muzlatilgan holdagi jami 1 111 kg noma'lum hayvon go‘shti olib ketilayotgani ma'lum bo‘ldi. Go‘sht mahsulotlari laboratoriyaga tekshirish uchun yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 109-moddasiga ko‘ra, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish ma'muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.