Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanishi holati aniqlandi
Yakkasaroy tumani IIO FMB tomonidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni sotish yoki saqlash bilan shug‘ullangan shaxslarni aniqlash yuzasidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, muqaddam sudlangan 30 yoshli X. M. va 35 yoshli R. R. ushlanib, xolislar ishtirokida tekshirilganda X. M.dan 6 dona, R. R.dan esa 5 dona “Tropikamid” va 160 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olib qo‘yildi.
Vaziyatga oydinlik kiritish jarayonida yuqoridagi shaxslar ushbu kuchli taʼsir qiluvchi psixotrop moddalarni 39 yoshli A. S.dan sotib olgani aniqlanib, oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida u ham Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan qoʻlga olindi. Shuningdek, A. ning uyida tintuv o‘tkazilganda 25 dona “Tropikamid” va 5 dona “Regapen” dori vositalari topilib, olib qo‘yildi.
Hozirda olingan ashyoviy dalillar manbasini aniqlash boʻyicha tezkor chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda va natijalar asosida qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.