17 Fevral 2026 Yil 407

Giyohvandlik to‘rining qurboni

Respublikamiz ommaviy axborot vositalari orqali giyohvandlik balosi, uning har qanday ko‘rinishi: isteʼmoli, tarqatilishi, saqlanishi qonun tomonidan keskin qoralanib, ijtimoiy og‘ir oqibatlari, millat genofondiga salbiy taʼsiri haqida muntazam ravishda ogohlantirilishlar, real maʼlumotlar beriladi. Bu borada ichki ishlar organlari xodimlarining masʼullari tomonidan mahallalar, o‘quv muassasalari, korxona-tashkilotlarda tizimli ravishda tushuntirish, profilaktik tadbirlar, davra suhbatlari, ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvlar amalga oshirib kelinmoqda. Biroq shunga qaramay, ayrim fuqarolar mo‘may pul topish, o‘zgalarning hayotini zaharlash orqali daromad olishdek g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun hech qanday qabihlikdan tap tortishmayotir. Poytaxtimizning Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 2002 yilda tug‘ilgan R.Dilshodbekning jinoiy ishlariga qonuniy baho berildi. U 2024 yilning yanvar oyida ichki ishlar organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 38 dona kuchli taʼsir qiluvchi vositalarni qonunga xilof ravishda sotishga uringanida qo‘lga olingan. Yashash joyida o‘tkazilgan tintuv vaqtida yana 47 dona kuchli taʼsir qiluvchi vositalar aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, Chilonzor tumanidagi uylardan birining orqa tomoniga yashirib qo‘yilgan 3 dona kuchli taʼsir qiluvchi vositalar ham bayonnoma rasmiylashtirib olindi. Sud R.Dilshodbekning jinoiy qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251 prim.1-moddasi 5-qismi (“Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish”) bilan aybdor deb topdi va 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor B.Nazimbayevning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech