12 Sentyabr 2025 Yil 430

Giyohvandlikka qarshi kurash va “Xavfsiz kibermakon” oyligi doirasida targ‘ibotlar davom etmoqda

Ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri bu immunitetni hosil qilishdir. Buning uchun esa avvalam bor kiberjinoyatlar, ularning turlari va sodir etish usullari, himoyalanish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish lozim. Shu maqsadda Toshkent shahar IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan “Xavfsiz kibermakon” oyligi doirasida uchrashuvlar, davra suhbatlari va boshqa turdagi targ‘ibot ishlari davom etmoqda.

Bu kabi tadbirlar doirasida jamiyatimizdagi eng salbiy illatlardan biri – giyohvandlikka qarshi kurashish choralari ham olib borilmoqda.

Kuni kecha Yakkasaroy tumani IIO FMB xodimlari Toshkent Kimyo xalqaro Universitetida talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda mutaxassislar kibermakonda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, giyohvandlikka qarshi kurashishning huquqiy va ijtimoiy jihatlari haqida batafsil ma’lumotlar berishdi. Shuningdek, “Jar yoqasida” nomli hamda kiberhujumlardan himoyalanishni o‘rgatuvchi videoroliklar namoyish etilib, talabalarga hayotiy misollar bilan tushuntirish berildi.

Poytaxtimizda joylashgan Gubkin nomli neft va gaz Rossiya davlat Universitetining filialida ham qayd etilgan mavzularda talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB rahbariyati va boshqa mutaxassislar ishtirok etgan mazkur uchrashuvda talabalarga kerakli ma’lumotlar yetkazib berildi. So‘ng talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.

Bu kabi tadbirlar poytaxtimizning barcha ta’lim muassasalarida davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech