30 Noyabr 2024 Yil 471

Goʻyo qoʻl birovnikidek

       Bir insonning taqdirini hal qilish oson emas. Hatto u ashaddiy jinoyatchi boʻlsa ham. Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi ham sudlanuvchi Jahongirga jazo turi va meʼyorini belgilashda – aybiga toʻliq iqrorligi, oilaviy sharoiti, yetkazilgan moddiy zarar miqdori va qoplanganligi, tayinlanadigan jazoning sudlanuvchini qayta tarbiyalanishiga taʼsiri, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik xususiyati hamda jazoni yengillashtiruvchi jihatlarni qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb baholadi. Sudlanuvchiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, ayblanayotgan modda sanksiyasida koʻrsatilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosini eng kam miqdoridan ham kamroq jazo tayinlashni lozim deb topdi, deyiladi sud hukmida.


        1974-yilda tugʻilgan G.Jahongirning jinoiy “faoliyati” 1992-yildan boshlanib, 1997, 1998, 2002, 2006, 2009, 2014, 2015-yillargacha davom etadi. 2015-yilda oʻgʻirlik jinoyati uchun 8 yilu 6 oyga qamalgan Jahongir 2023-yil aprel oyida ozodlikka chiqadi. Ozodlik havosidan toʻyib nafas olishga ulgurmay, uch oygina “qoʻlini tiyib” yurgan Jahongir eski hunarini qoʻmsab yana oʻgʻirlikka qoʻl uradi. U 2023-yil 12-iyul soat 15.30 larda Chilonzor savdo buyum bozorida aylanib yurib, savdo doʻkonida savdo qiluvchi, 1996-yilda tugʻilgan K.Oʻgʻiloyning xaridorlar bilan chalgʻiganidan foydalanib, qarovsiz qoldirilgan ayollar sumkasidan 3.000.000 soʻm pulini oʻgʻirlab, voqea joyidan yashirinadi.


          – Oʻgʻirlikning “hadisini” olgan Jahongir tergov jarayonida bozorga oʻziga kiyim sotib olgani borganini, “qoʻli qanday qilib ketib qolganini” – goʻyo qoʻl oʻziniki emasdek – bilmasligini maʼlum qildi. Ayolning sumkasida 3.000.000 soʻm emas, atigi 850.000 soʻm boʻlganligini va pullarni qaytarishga tayyorligini aytib, ishontirishga uringan boʻlsa-da, aslida niyati oʻgʻirlik boʻlgan, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, kapitan Abdurauf Ikramov.    


        Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida retsidivist Jahongirning qilmishini koʻrib chiqib, uni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “g” bandi (“Oʻgʻirlik”) bilan aybdor deb topdi va yuqorida keltirilgan yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, kodeksning 57-moddasini qoʻllab, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech