Xabaringiz bor 2024 yilning 8 avgustida “Toshkent shahar IIBB rasmiy kanali” saytida Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, kapitan Faxriddin Sharipovning xizmat va sport faoliyati bo‘yicha erishayotgan yutuqlari haqida “Xizmat va sportda peshqadam” sarlavhasi ostida maqola berilgan edi. Lavhada uning qo‘l jangi sport turlari bo‘yicha qo‘lga kiritayotgan yuksak zafarlariga keng o‘rin berilgan, g‘alabalari birma-bir sanab o‘tilgandi. Ana shu g‘alabalarining davomi sifatida yana bir quvonchli xabarni e'tiboringizga yetkazmoqchimiz. Kuni kecha Fransiya davlati shimolida joylashgan Lill shahrida sportning Dzyu-do turi bo‘yicha o‘tkazilgan Yevropa ochiq kubogi uchun bo‘lib o‘tgan murosasiz musobaqalarda qatnashgan Faxriddin faxrli birinchi o‘rinni egallab, jonajon Vatanimiz madhiyasini Yevropa zamini uzra taralishiga sabab bo‘ldi. Bu quvonchli xushxabar uning ustozlari, hamkasblarini poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlarini xursand qilishi, shubhasiz. Hamkasbimizning xizmat va sport sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlari bilan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, yurtimiz shuhratini dunyoga taratishda ulkan zafarlar tilab qolamiz.