Aholining murojaatlarini koʻrib chiqish va ularda koʻtarilgan muammolarni hal etish davlat organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda ichki ishlar organlari tomonidan fuqarolar bilan bevosita muloqotni amalga oshirish, aholi ehtiyojlarini oʻrganish hamda murojaatlarga oʻz vaqtida va samarali yechim topish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 1-fevral kuni Ichki ishlar vaziri ishtirokida fuqarolar murojaatlarining qabuli tashkil etildi. Qabul jarayonida aholini qiziqtirayotgan masalalar, huquqiy muammolar va ularni hal etish mexanizmlari yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borildi.
Fuqarolar uchun qulaylik yaratish, shuningdek, ob-havo sharoiti va hududiy masofani inobatga olgan holda qabul Toshkent shahri aholisi uchun bevosita, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar aholisi uchun esa hududiy ichki ishlar organlari binolaridan videokonferens-aloqa orqali onlayn tarzda tashkil etildi.
Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi tizimi faoliyatiga oid jami 239 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning asosiy qismi mol-mulk va pul mablagʻlarini undirish, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov harakatlari, shuningdek, kadrlar bilan bogʻliq masalalarga taalluqli boʻldi.
Kelib tushgan murojaatlarning 115 tasi (48 foiz) qonunchilik talablari asosida ijobiy hal etildi. Qolgan 124 ta murojaat (52 foiz) boʻyicha qoʻshimcha oʻrganish, sohaviy idoralar bilan hamkorlikda choralar koʻrish zarurligi sababli ular belgilangan tartibda nazoratga olinib, masʼullarga ijrosini taʼminlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda hududiy ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari tomonidan joylarda oʻtkazilgan qabullar davomida 661 ta murojaat qabul qilindi. Ularning 245 tasi (37 foiz) qabul jarayonidayoq ijobiy hal etilgan boʻlsa, 416 ta murojaat (63 foiz) belgilangan tartibda qoʻshimcha oʻrganish va nazorat asosida koʻrib chiqish uchun yoʻnaltirildi.
Murojaatlar bilan ishlash jarayonida aholining real ehtiyojlarini aniqlash, muammolarning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish hamda ularni tizimli ravishda bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Fuqarolar bilan ochiq muloqotga asoslangan mazkur tizim kelgusida ham doimiy ravishda tashkil etilib, aholi murojaatlarini oʻz vaqtida va samarali hal etishga xizmat qilmoqda.
© O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi