4 Sentyabr 2023 Yil 1997

Fidoyi mehnatning munosib eʼtirofi: Toshkent shahar IIBBda mukofotlar o‘z egalariga topshirildi

Bugun yurtga obodlik, taraqqiyot va insonga qadr bergan mustaqilligimizning 32 yilligini keng nishonlamoqdamiz. Mustaqillik - yurtni, millatni birlashtiradigan yagona kuch, ko‘p millatli xalqimizning irodasi, uning hurriyat haqidagi azaliy orzularidir.

Bayram munosabati bilan “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida Toshkent shahar IIBBda tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda ichki ishlar organlari faxriylari, xizmat paytida halok bo‘lgan xodimlarning oila-aʼzolari, bo‘linma va tizimlarning shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatov shaxsiy tarkibni bayram bilan tabriklab, ularga mustahkam sog‘liq, xizmatda muvaffaqiyatlar, tinchlik va osoyishtalikni tiladi.

Bosh boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyaga asoslangan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda shahar ichki ishlar organlari xodimlari davlat va jamiyatning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat qilayotganini taʼkidladi.

Tadbir davomida «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan rag‘batlantirilgan Toshkent shahar IIBB xodimlari tabriklandi. Shu bilan birga xizmat paytida ijobiy natijalarga erishgan xodimlarga ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Tadbir davomida navbatdan tashqari unvon hamda ijtimoiy himoya tizimi asosida uy uchun boshlang‘ich to‘lovga subsidiya topshirildi.

Tadbir bayram konserti bilan davom etdi. Mehmonlar uchun IIBB hududiy bo‘linmalarining iqtidorli xodimlari tomonidan badiiy chiqishlar taqdim etildi. Vatanimizni, mustaqilligimizni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar barchaga yaxshi kayfiyat bag‘ishladi.



Barcha yangiliklar

Text to speech