Abdulaziz to‘rt farzandning eng kenjasi. Ota-onasi, ikki opasi va bir akasining ardog‘ida emin-erkin voyaga yetdi. Biroq erka, tanti bo‘lmadi. Bolaligidan tartib-intizomli, qat’iyatli, bir so‘zliligi, adolatparvarligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi. Toshkent viloyati Ijtimoiy-iqtisodiyot kollejini bitiriboq O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safiga xizmatga otlandi. Yigitlik burchini o‘tab qaytgach, 2011 yilda Respublika IIV Toshkent metropoliteniga xizmatga kirdi. Vazifalariga vijdonan yondashishi, ziyrakligi, tirishqoq va g‘ayratliligi bois ko‘p o‘tmay Olmazor tumani IIO FMB JTSB 2-batalyoni 2-otryadi haydovchisi lavozimiga o‘tdi. Xizmati davomida poytaxt hududida tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash jamoat tartibini saqlash, ayniqsa, bayram oldi, bayram tantanalari, xalq sayillari, ko‘ngilochar tadbirlarda jinoyat, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha huquq-tartibot xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reydlar, tadbirlarda ko‘plab giyohvandlik moddalari, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlashda faol ishtirok etdi. 2024 yildan esa Abdulaziz Qayumov Olmazor tumani IIO FMB Navbatchilik qismi navbatchi yordamchisi lavozimida xizmat yuritib kelmoqda. Lavhamiz qahramoni yurtimiz mustaqillikni qo‘lga kiritib, istiqlol nashidasidan sipqorib nafas ola boshlagan ilk yilida tavallud topdi. Hurlik, erkinlik havosidan nafas olib voyaga yetdi.
Men oddiy ishchi oilasida tug‘ilganman, – deydi safdor Abdulaziz Qayumov. – Mustaqilligimizning ilk davrlarida qanday qiyinchiliklar va fojiali voqealar bo‘lganini kattalardan eshitganman. Qiyinchiliklarga qaramay o‘z yo‘limiz va o‘z ovozimizga egaligimiz, erkinlik va ozodlikka erishganimiz ulkan yutug‘imiz. Uni asrash va himoya qilish bizning burchimizdir. Ana shu yo‘lda zarradek hissa qo‘sha olsam o‘zimni baxtiyor hisoblagan bo‘lardim. Zotan, ikki farzandim bor.Ularga ozod va obod yurt qoldirishni, ularning baxtiyor yashashlarini istayman. Va bu yo‘lda bor kuch, imkoniyatlarimni sarflayman.