Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan mukofotlangan bir guruh osoyishtalik posbonlari orasida «Jasorat» medali sohibi, Toshkent shahar Chilonzor tumani IIOFMB Tezkor-qidiruv xizmati katta tezkor vakili, podpolkovnik To‘lqinjon Rahimov ham bor.
Odatdagidek kundalik xizmat vazifalari bilan bo‘lib, bundan bexabar qolgan qahramonimizga Andijon viloyatidan kursdoshi, podpolkovnik Azizbek Minosiddinov birinchilar qatorida qo‘ng‘iroq qilib qutlaydi. Shundan keyin birin-ketin telefonlar, tabriklar... Bu quvonchli xabardan, ayniqsa, To‘lqinjonning ota-onasi va yaqinlarining sevinchiga sevinch qo‘shilib, boshlari osmon qadar yuksaldi.
– Farzandingiz yutuqlarining sururi juda totli bo‘larkan, – deydi
podpolkovnikning onasi Muyassar opa. – Medalni qo‘limga olarkanman, axir bu hammaga ham nasib etavermaydi-ku, deya bolamni bag‘rimga bosdim. Bergan tarbiyamiz va o‘gitlarimiz zoye ketmaganidan ich-ichimdan sevindim.
Podpolkovnik To‘lqinjon Rahimov IIV Akademiyasini tugatib, ilk xizmat faoliyatini Chilonzor tumani IIB JQBdan boshlagan. Ustozi, podpolkovnik Parda Jiyanovning etagidan tutib, oliy ta’lim muassasasidan olgan bilimlarini yanada mustahkamladi, tajriba orttirdi. O‘zining xulqi, odobi, intizomga rioya qilishi va topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishga bo‘lgan intilishi bilan rahbariyatning nazariga tushdi. Yillar mobaynida «zuvalasi pishgan» xodim ko‘plab jinoyatlarni «issiq izida»
ochishda o‘z hissasini qo‘shganligi ayni haqiqat.
– Sohada faoliyat yuritayotganimga o‘n ikki yildan oshdi, biroq bu yil men uchun juda omadli keldi, – deydi podpolkovnik To‘lqinjon Rahimov. – Ushbu yuksak mukofotning mas’uliyatini chuqur his etib, yanada shijoat va g‘ayrat bilan xizmat qilishim lozim. Chunki Prezidentimiz va xalqimiz men kabi ko‘p sonli osoyishtalik posbonlariga ishonch bildirgan. Ko‘ksimdagi yuksak mukofotni oqlash va unga munosib bo‘lish uchun sidqidildan xizmat qilishga harakat qilaman.