8 Yanvar 2025 Yil 423

Faqat olg‘a, faqat g‘alaba sari

Toshkent shahar IIBB JTSB PPX batalyoni inspektori, kichik serjant Aziz Isroilov ichki ishlar organlaridagi ilk xizmatini 2020-yilda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida yigitlik burchini o‘tab qaytganidan so‘ng boshlagan. Ushbu dargohga kelishidan ozgina vaqt oldin esa hayotdagi o‘z o‘rnini to‘g‘ri tanlab, poytaxtimizdagi oliygohga sirtdan o‘qishga kirgandi. Bu unga kasbni tezroq, teran anglagan holda o‘zlashtirishiga yaqindan yordam berdi. Ustozi – otryad inspektori, safdor Fayzulla Nagmatov undagi tirishqoqlik, “sportcha” yondashuvni payqab, bor tajriba va malakasi bilan bo‘lishdi. Yana bir ta'kidlashga loyiq tomoni Aziz 12 yoshidan sport bilan oshno bo‘lganligi va shunchaki, havaskorlik emas, balki professional yo‘nalishda shug‘ullanib, jahon sport sahnalarida yurtimiz shon-sharafini munosib ravishda himoya qilib kelayotganidir. Uning sport pillapoyalari bo‘ylab erishgan g‘alabalarining ro‘yxati bilan tanishsangiz, Azizning qanday xodim va qanday inson ekanligi haqida o‘zingiz xulosa chiqarib olasiz: 2013-yili tengdoshlari orasida qo‘l jangi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston chempioni, 2014-yili Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan universal jangda jahon chempioni maqomini qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng u g‘oliblik shohsupalarida birin-ketin yuqori ko‘tarila boshladi. 2016-yilda Bolgariyaning Burgas shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida “ushu-san'da” jangovar yo‘nalishi bo‘yicha 1-faxrli o‘rin, 2017-yilda Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida o‘tkazilgan qo‘l janggi bo‘yicha ochiq chempionatida 1-o‘rin, shu yili 2017-yilda Ruminiya poytaxti Buxarestda o‘tkazilgan qo‘l janggi bo‘yicha jahon chempionatida 3-faxrli o‘rin, 2018-yili qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda 1-o‘rin, Indoneziyaning poytaxti Jakarta shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida 3-o‘rin, 2021-yilda Turkiya davlatining Antaliya shahrida o‘tkazilgan jahon kubogida 1-o‘rin, 2022-yilda Toshkentda o‘tkazilgan jahon chempionatida 1-o‘rin, 2023-yilda Xitoy davlati Chandu shahrida o‘tkazilgan jahon Universiadasida 3-o‘rinni egallaganligini keltirish lozim. Bundan tashqari Armiya safida xizmat qilgan yillarida O‘zbekiston chempionatlaridagi barcha musobaqalarda ishtirok etib chempionlikni egallab kelganini ham alohida e'tirof etish kerak.

2024-yilning 22-25-dekabr kunlari poytaxtimizning “Jar” sport majmuasida sportning “u-shu” turi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda, 85 kilogramm vazn toifasida qatnashib, faxrli 3-o‘rinni egallagani hamkasbimizning navbatdagi yutug‘i bo‘ldi.

Har gal g‘alaba shohsupasiga qadam qo‘yarkan jonajon O‘zbekistonimiz bayrog‘i yuqori ko‘tarilib, davlat madhiyasi yangraganda, o‘ng qo‘li bilan faxr va g‘urur tuyg‘usidan gupillab urayotgan yuragining sadosi ko‘zlariga yosh injularini sizganda shu zamin, ota-onasi, yaqinlari, hamkasblarining qo‘llab-quvvatlashi, olqishlari, quvonchlarini his etgani chin. Azizning otasi Ulug‘bek aka o‘zi muhandis, onasi Zamira opa tikuvchi bo‘lishiga qaramay, Azizning hayotda sog‘lom, chiniqqan, baquvvat va barkamol bo‘lishini istab, uni sport maktabiga yetaklab kelgandi. Mana bugun uning g‘alabalari, muvaffaqiyatlarini ko‘rib, quvonch ko‘z yoshlarini tiya olmaydi, faxr tuyg‘usi qalblarida tug‘yon uradi. Bu g‘alabalar, quvonchli voqealarning zamirida Azizning soatlab qora ter to‘kib o‘tkazgan mashg‘ulotlari, chekkan zahmatlari, tinimsiz mehnatlari, ilk mag‘lubiyatlarining achchiq alamlari yotgani haqiqat. Biroq ota-onasining ishonchi, hamkasblari, ustozlari, rahbariyatning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi unga kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlaydi. Har bir jangga kirishida ortida uning g‘alabasiga umid bilan qarab turgan qadrdonlari va yaqinlarining nigohlarini sezib turadi. Ularning ishonchi va umidlarini oqlash uchun bor mahoratini ishga soladi. Sportda bo‘lgani kabi xizmatda ham halollik va to‘g‘rilikni o‘ziga shior qilgan lavhamiz qahramoni hamkasblari, rahbariyatning unga bo‘lgan ishonchini oqlash, vazifalariga vijdonan yondashish, unga ishonib topshirilgan topshiriqlarni sidqidildan bajarishni burch deb biladi. Egrilik, g‘irromlik aralashmagan ish albatta unumli va barakali bo‘lib, natijasi yuksak, mukofoti bebaho bo‘lishiga ishonadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech