27 Yanvar 2025 Yil 1170

Essiz, zoe o‘tayotgan umr

Farruh tengdoshlari kabi maktabni bitirib mustaqil hayotga yo‘l oldi. Barcha tengdoshlari kasb-hunar egallash, kelgusi hayotlarini go‘zal va farovon o‘tkazish niyatida oliygoh va bilim yurtlariga hujjat topshirgan bo‘lsa uning hujjatlari ichki ishlar organlari tergov bo‘limida shakllandi. Ilk o‘g‘irlik jinoyati uchun yoshligi, g‘o‘rligi inobatga olinib yengil jazo berilgan bo‘lsa, keyin sodir etgan jinoyatlarining turlariga qarab 6, 4,7, 5 yillarga ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlandi. Jinoiy “tarixlari” sabab o‘ta xavfli residivist maqomini oldi. Biroq u buni taqdiriga o‘z qo‘li bilan bosilgan qora tamg‘a, sharmandali dog‘ emas, go‘yoki oddiy holdek qabul qildi. Yo‘qsa, bosqinchilik, talonchilik, giyohvand moddalari oldi-sotdisi kabi jinoyatlardan o‘zini tiygan, to‘g‘ri yo‘lni tanlagan bo‘lar edi. Besamar o‘tgan umri, boy berilgan imkoniyatlari haqida chuqur o‘ylagan, bundan keyingi qadamlarini taroziga solgan bo‘lardi. Afsuski, mahkumlik ridosini yechib ulgurmay, ozodlik nafasini to‘yib sipqormay turib yana 2024 yilning 11 yanvarida jinoyatga qo‘l urdi. O‘sha kuni soat 18.00 larda – qish kunlarning qisqaligi bois, atrofga qorong‘ulik cho‘kkan bir paytda, bekorchilikdan zerikib, shahar kezib uyiga otlangan Farruh avtobusga chiqdi. Yo‘lovchilarning har biri o‘z xayollari, tashvishlari bilan band. Beparvo ko‘rinsa-da aslida yo‘lovchilarni o‘ta sinchkovlik bilan kuzatayotgan Farruh eshik oldida turgan ayolga e'tibor berdi. Navbatdagi bekatda tushish bahonasida ayolni turtib yubordi va uzr so‘rab tushib qoldi. Shu kichik ahamiyatsiz bir holatning o‘zida S.Azizaxonning pal'tosi cho‘ntagidan narxi 5.000.000 so‘m bo‘lgan “Iphone 11 pro” rusumli uyali telefoni va g‘ilof ichida bo‘lgan bank tomonidan rasmiylashtirilgan plastik kartasini sezdirmay o‘g‘irlab oldi.

— O‘g‘irlikning hadisini olgan Farruh uyiga kelgach, qo‘lga tushirgan buyumlarni yashirib qo‘yadi, – deydi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Mirzohid Nabiev. – Biroq uning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Navbatdagi bekatda tushgan fuqaro S.Azizaxon avtobusdan tushiboq cho‘ntagiga qo‘l solib, telefonidan ayrilganini fahmlagach, fursatni boy bermay ichki ishlar idoralariga murojaat qildi. Zudlik bilan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida qo‘lga olingan Farruh o‘g‘irlangan narsalarni o‘z qo‘li bilan ichki ishlar xodimlariga topshirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida 1988 yilda tug‘ilgan, o‘ta xavfli residivist deb topilgan Farruhning jinoiy qilmishlarini ko‘rib chiqdi. Sud hukmiga ko‘ra u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “b” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topildi. Sud to‘plangan hujjatlardagi og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, aybdorga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech