Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali nopok va g‘araz niyatli kimsalar tomonidan amalga oshirilayotgan kiberjinoyatlarning turlari ko‘payib borayotgani bu borada aholi orasida keng targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilishi, qayta-qayta ogohlik va hushyorlikka chaqirishni taqozo etmoqda. Kiberjinoyatchilar nafaqat davlat idoralari balki fuqarolarning ham pul mablag‘larini, shaxsiy maʼlumotlarini oson qo‘lga kiritish orqali mo‘may daromad topish payida har qanday jinoiy xatti-harakatlardan foydalanishmoqda. Bu salbiy holatlarning oldini olish uchun fuqarolarning kibermadaniyatini oshirish, kibermakondagi jinoiy xatti-harakatlardan ogoh etish, huquqiy savodxonligi, himoya qalqonini shakllantirish maqsadida poytaxt IIBB hududiy tuzilmalari tomonidan “Kibermadaniyatni yuksaltirish” oyligi doirasida targ‘ibotlar olib borilmoqda. Shunday tadbirlarning navbatdagisi ochiq muloqot, suhbat tarzida Yashnobod tumanida faoliyat yuritayotgan Toshkent Mexanika zavodi maʼmuriyati, ishchi-xizmatchilari ishtirokida o‘tkazildi. Unda tuman IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik Shuxrat Miliyev hamda soha masʼullari qatnashib, yig‘ilganlarni kibermakonda avj olayotgan kiberjinoyatlarning turli-tuman uslublari haqida maʼlumotlar berishdi. Shuningdek, ular o‘zlariga tegishli bo‘lgan shaxsiy maʼlumotlarini sir saqlashi, turli telefon qo‘ng‘iroqlari, soxta, tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmasliklari haqida ogohlantirildi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali mo‘may daromad topish haqidagi vaʼdalar qatorida qadriyatlarimiz, milliyligimizga yot g‘oyalar, diniy-ekstremistik chaqiriqlardan himoyalanish bo‘yicha tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berildi. Profilaktik-tushuntirish suhbati yakunida masʼullar yig‘ilganlarning mavzuga aloqador ko‘plab savollariga atroflicha javoblar berishdi. Bu kabi “Xavfsiz va sog‘lom yurt” doirasida o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar poytaxtimizning barcha tumanlarida keng aholi qatlamlarini qamragan holda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.