“Men 1961-yilda tugʻilgan T.Ravshanbek 2022-yilning 20-fevralida tanishim P.Boburjonga oʻzim boqib kelgan qoramolimni qushxonada soʻydirib, tarozida 550 kilogramm chiqqan goʻshtining har kilosini 75.000 soʻmdan baholab, jami 41.250.000 soʻmni ikki oy ichida berishni vaʼda qilgan P.Boburjonga sotdim. Biroq u shu kungacha pulini bermay kelmoqda. Pulimni olishda amaliy yordam berishingizni soʻrayman. 2022-yil 11-may. imzo”. Bu Ravshanbekning Sergeli tumani IIO FMBga yozgan arizasidan koʻchirma. – Qoramol goʻshtini sotib ikki oy ichida yuqorida koʻrsatilgan pulni berishni vaʼda qilgan P.Boburjon muqaddam 2018-yilda firibgarlik jinoyati sodir etib, sudlangan, – deydi Sergeli tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, leytenant A.Boltayev. – Tergov jarayonida goʻshtning pulini bermoqchi boʻlganligini, ammo dori-darmonga pullarni sarflab yuborganini aytib, qilmishini oqlashga urindi. Agar uning niyati begʻaraz boʻlganida u Ravshanbekning qoʻngʻiroqlaridan qochmay, unga vaziyatni tushuntirishi lozim edi. Biroq, uning yolgʻonlari fosh etildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tuman sudi ochiq sud majlisida 1991-yilda tugʻilgan Boburjonning qilmishini koʻrib chiqdi. Sud jazo turini tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, aybiga iqrorligi va pushaymonligi, yetkazilgan zarar miqdorining qoplanganligi, jabrlanuvchining sudlanuvchiga nisbatan hech qanday moddiy va maʼnaviy daʼvolari yoʻqligini inobatga oldi. Bularni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 55-moddasida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholadi. Sud Boburjonni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topib, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravari, yaʼni 81.000.000 soʻm jarima jazosiga hukm qildi.