3 May 2025 Yil 853

Yoshlarni og‘u changalidan asraymiz!

Yashnobod tuman IIO FMB boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi saf yig‘inida ichki ishlar bo‘limi xodimlari, profilaktika inspektorlari, mahalla yettiligi, Favqulodda vaziyatlar shahar bo‘limi, tuman tibbiyot birlashmasi masʼullari qatnashdi. Oybek Kayumxodjayev yig‘ilganlarni ayni paytda davom ettirilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar rejasi bilan tanishtirib, asosiy ish yo‘nalishlarini taqsimlab berarkan, hududiy muammolarni hal etish, huquqbuzarliklarning oldini olish, mavjud muammolar yechimiga tizimli yondashuv, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga eʼtiborni qaratdi. Shuningdek, tuman IIO FMB boshlig‘i “ADJU” instituti o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda yoshlar o‘rtasida giyohvandlik moddalari tarqalishining oldini olish, uning ayanchli va mudhish oqibatlari haqida jonli misollar yordamida maʼlumotlar berdi. Yig‘ilganlarni hayotda adashmaslik, sog‘lom turmush tarzini tanlash orqali o‘z baxtli kelajagini yarata olish mumkinligini taʼkidladi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan suhbat so‘ngida yoshlarning giyohvandlikka qarshi mulohazalari, fikrlari qatorida ularni qiynayotgan muammolarini tinglab, ularning yechimi bo‘yicha huquqiy tavsiyalar berdi. Xuddi shunday tadbir tumanda joylashgan Pedagogika universiteti talabalari bilan ham bo‘lib o‘tdi.

Tumandagi 153-umumtaʼlim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuv esa yoshlar va voyaga yetmaganlar orasida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar tarqatilishini oldini olish oyligi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning uzviy davomi bo‘ldi. Unda O.Kayumxodjayev, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha katta inspektor-psixologi M.Rahmatov, inspektor-psixolog D.Ahmedova, tumandagi “Qadriyat” mahalla faollari va maktab rahbari S.Sultonovalar qatnashishdi. Maʼruzachilar so‘nggi yillarda yoshlar o‘rtasida giyohvand moddalari isteʼmoli keng tarqalayotgani, o‘smir-yoshlar turli aldovlar: ijtimoiy tarmoqlardagi “katta-katta” vaʼdalar, vasvasalarga ishonib, o‘z kelajagiga bolta urayotgani, hayotlari, salomatligi, oilasini xavf ostiga qo‘yayotgan holatlar haqida tushuntirishlar berishdi. Giyohvandlik oxir-oqibat jinoyatga, halokatga yetaklashiga hayotiy misollar keltirishdi. Muloqot so‘ngida o‘quvchilarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech