12 Mart 2026 Yil 176

Yoshlarni kelajakka tayyorlash – burchimiz

O‘sib kelayotgan kelajagimiz poydevori bo‘lmish yosh avlodni an’analarimizga sodiqlik, qonunga hurmat ruhida, bilim va salohiyati kuchli, ma’naviy-ma’rifiy barkamol insonlar etib tarbiyalash ishlari bugungi globallashuv davrida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlar bilan manzilli ishlash maqsadida bugun payshanba “Yoshlar kuni” munosabati bilan poytaxtimizning Yunusobod tumanida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” doirasida og‘ir toifaga kiruvchi, uyushmagan hamda tuman yoshlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda poytaxt IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Farhod Hasanov, tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Mahkam Vafoyevlar yig‘ilgan 150 dan ortiq yoshlar o‘rtasida ma’ruza qilishdi. Unda yoshlarning g‘arazli kimsalarning jinoiy to‘riga ilinib qolmaslik, giyohvandlik va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanmasi, kiberfiribgarlik va boshqa salbiy illatlardan yiroq bo‘lish masalalari va bu bilan bog‘liq holatlar muhokama etildi. Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni sport va ta’lim, sog‘lom turmush tarziga jalb etish, huquqiy savodxonligini oshirish orqali ular o‘rtasida turli huquqbuzarliklar va salbiy holatlarning oldini olish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarga o‘z hayotlarini to‘g‘ri izga solish, kuch va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish borasida davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar haqidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Tadbirda qatnashgan Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi sudyasi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida Probatsiya bo‘limi tomonidan ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan, tuzalish yo‘lini tanlagan, qilmishidan chin pushaymon bo‘lgan ikki nafar yosh mahkumlarga nisbatan tayyorlangan taqdimnomalar ko‘rib chiqildi. Ma’lumotlarni diqqat bilan o‘rganib, o‘tkazilgan savol-javoblardan qoniqish hosil qilingach, ular jazo muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildilar. Tadbir so‘ngida yuqoridagi ma’ruza va suhbatlar hamda ikki yoshga ko‘rsatilgan ishonch borasida yoshlarning o‘zlari qanday fikr va harakatda ekanligiga qiziqish bildirilib, ularning muammo va murojaatlari tinglandi.

Uchrashuvda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan yoshlarga malakali huquqiy tavsiyalar, ijtimoiy-moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi. Bu kabi yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va ishonch ularni nafaqat oilada balki jamiyatda ham o‘z munosib o‘rinlarini topish, baxtli kelajagini yaratishga bo‘lgan intilishlariga kuch bag‘ishlab, yangi muvaffaqiyatlar sari odimlashiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech