3 Fevral 2026 Yil 833

Yoshlarga e’tibor hamisha dolzarb

O‘sib kelayotgan yosh avlodni turli salbiy holatlardan asrash, yorqin va baxtli istiqbolini ta’minlashga bo‘lgan e’tibor hamisha dolzarb va ahamiyatliligi bilan ajralib turadi. Bugungi globallashuv davrida, har tomondan yangrayotgan turli chaqiriqlar, da’vatlar, taklif va va’dalar to‘rida adashib, ishonib qolish imkoni har qachongidan ko‘proq. Ularning haqiqiylarini soxtalaridan, afzallarini xavflilaridan ajratib olish ongi-shuuri shakllanmagan, tajriba va tushunchasi bo‘lmagan yoshlar uchun tahdidli, albatta. Ayniqsa, g‘o‘rligida adashib jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan yoshlar uchun. Bunday salbiy holatlardan asrash maqsadida poytaxtning Sergeli tumanida tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limida ro‘yxatda turgan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda Respublika Bojxona qo‘mitasining Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi, tuman prokurori hamda tuman IIO FMB rahbarlari ishtirok etishdi. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar tomonidan ularni qiynab kelayotgan masalalarning ochiq-oydin ifoda qilish imkoni yaratilib, zarur yordam ko‘rsatish hamda qo‘llab-quvvatlash borasidagi huquqlari tushuntirildi. Har bir yosh bilan yakkama-yakka o‘tkazilgan suhbatlarda aksariyat yoshlarni muqim ish joylari bilan ta’minlash, ijtimoiy-maishiy yashash shart-sharoitlarini yaxshilash masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mazkur toifadagi yoshlar tomonidan takroriy jinoyatlar sodir etilishini oldini olish bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilib, profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Uchrashuv yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishiga ko‘maklashishda muhim amaliyot kasb etishi muqarrar.

Barcha yangiliklar

Text to speech