26 Mart 2026 Yil 195

Yoshlar bilan ochiq muloqot — iqtidor va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadam

Payshanba — “Yoshlar kuni” munosabati bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rahbariyati tomonidan iqtidorli yoshlar bilan mazmunli uchrashuv tashkil etildi. Unda poytaxt IIBB boshlig‘i, Mirobod tumani hokimi, prokurori, IIO FMB boshlig‘i, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari, Bosh boshqarmaning sohaviy xizmat rahbarlari, professor-o‘qituvchilar hamda yosh ijodkorlar ishtirok etdilar.
Ochiq muloqot davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning ilm-fan, madaniyat va ijod sohalaridagi faolligi atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, yoshlarni turli salbiy illatlar va jinoyatchilikdan asrash, ularni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, dolzarb taklif va tashabbuslarini ilgari surdilar. Rahbariyat tomonidan yoshlarning fikr va g‘oyalari diqqat bilan tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv doirasida institut talabalari tomonidan tayyorlangan ijodiy ishlar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi. Unda rassomlik va dizayn sohasidagi milliy va zamonaviy yo‘nalishdagi asarlar mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari institut muzeyi bilan tanishib, milliy san’atimiz tarixi va uning rivojlanish bosqichlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar. Ta’lim jarayoni, amaliy mashg‘ulotlar, ijodiy laboratoriya va ustaxonalar faoliyati ham yaqindan ko‘zdan kechirildi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur uchrashuv yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, jamiyatda sog‘lom va barqaror muhitni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim tashabbuslardan biri sifatida ahamiyat kasb etdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech