Toshkent shahrining Yangihayot tumanida Ichki ishlar organlari xodimlari kuni arafasida yangi maʼmuriy binoning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu hudud soʻnggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida poytaxtning eng tez rivojlanayotgan maskanlaridan biriga aylandi. Bu yerda aholining yashashi, dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Yangi maʼmuriy bino atrofida joylashgan “Tinchlik” bogʻi ham bugun yangi qiyofa kasb etdi. Ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar hokimi, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, shuningdek soha faxriylari bogʻda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish gʻoyasi asosida barpo etilgan istirohat maskanida ichki ishlar tizimi sohaviy xizmatlarining ramzlari oʻrnatilgan boʻlib, bu yechim tizim imijini oshirish va xodimlarni xalqqa yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Bogʻ hududida kitob bekati, mutolaa joyi, “Faxriylar choyxonasi” hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan xodimlar xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasi ham barpo etilgan. Tashrif ishtirokchilari yodgorlikka gulchambar qoʻyib, mard oʻgʻlonlar xotirasiga chuqur hurmat ifodasini bildirdilar.
Tadbir davomida Yangi hayot tumani IIO FMB yangi binosi rasman foydalanishga topshirildi. Marosimda soʻz olganlar zamonaviy binoda xizmat qilayotgan xodimlardan fidoyilik va masʼuliyat talab etilishini, aholining qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sadoqat bilan xizmat qilish har bir xodimning oliy burchi ekanini taʼkidladilar.
Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan vazir hamda bosh boshqarma rahbarlari tomonidan bir qator xodimlar faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Toshkent shahar hokimi bir guruh xodimlarga xizmat avtomashinalarining kalitlarini tantanali tarzda topshirdi.
Faxriylar ishtirokida ramziy lenta qirqilib, yangi binoga rasman faoliyat boshlandi. Yangi inshootda zamonaviy “Vaziyatlar markazi”, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xonalari, oshxona va yotoqxona, avtotransport vositalarini saqlash binolari barcha zarur texnik vositalar bilan jihozlangan.
Tashrif ishtirokchilari xizmat xonalaridagi raqamlashtirilgan boshqaruv tizimi, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻzaro integratsiyalashuv imkoniyatlari bilan ham tanishdilar. Bu yangiliklar sohada uzoq yillar faoliyat yuritgan faxriylarda ham katta taassurot uygʻotdi.
Yangi binolarning foydalanishga topshirilishi nafaqat Yangi hayot tumanida, balki poytaxtning boshqa hududlarida ham Ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlarning izchil davom etayotganidan dalolatdir.