30 Avgust 2025 Yil 499

Yosh xodimlarning tarixiy joylarga tashrifi

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligini nishonlash arafasida istiqlol uchun, Vatan ozodligi uchun, xalqning erkinligi, hurligi uchun, millat birligi uchun kurashlarda qatag‘on qilingan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish an’anaga aylangan. Kuni kecha poytaxt ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan yosh xodimlarning bir guruhi poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan “Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui” hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi”ga tashrif buyurdilar. Bu tashriflardan ko‘zlangan maqsad: o‘tmishda yurt ozodligi, hurligi uchun kurashda siyosiy qatag‘on qurbonlari bo‘lgan ma’rifatparvar, ziyoli hamyurtlarimizning ruhlariga ta’zim bajo keltirish, tarixiy xotirani asrab-avaylash, ozodlik yo‘lida qanchalik ulkan yo‘qotishlar, fojialar sodir bo‘lganligi, istiqlol o‘z-o‘zidan kelmagani, o‘zligimiz, qadriyatlarimizni anglashdan iborat. Zotan, tarixni bilmay, kelajakni barpo qilish mumkin emas. Ozodlik kurashchilarining bu yo‘lda olib borgan faoliyati, ularning ayanchli qismati tashrif buyurgan yoshlar qalbida chuqur iztirob va mahzunlik uyg‘otdi.

Yoshlarning tarix bilan tanishuvlari poytaxt IIBB ning “Shon-sharaf” muzeyida davom etdi. Bu yerda ular poytaxtimiz hududida ichki ishlar organlarining tashkil etilishining uzoq tarixi, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Tarixdan so‘zlovchi har bir ma’lumot, eksponat va ko‘rgazmali qurollar, asori-atiqalar yosh xodimlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash yo‘lida jonlarini fido qilgan ichki ishlar xodimlari xotirasi yodga olinib, ta’zim bajo keltirildi. Ushbu tashriflar yoshlarni vatanparvarlik va ma’naviy yuksaklik ruhida tarbiyalash, Vatani, xalqiga sadoqat va sidqidildan xizmat qilish, ajdodlar ishini munosib davom ettirish, o‘zligini anglash, milliy qadriyatlar va an’analarga sodiqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech