20 Iyun 2024 Yil 766

Dorini zaharga aylantirayotganlar

Giyohvand moddalar bilan bir qatorda  inson ruhiyatiga kuchli taʼsir  qiluvchi dori vositalari isteʼmoli so‘nggi paytlarda bot-bot o‘zini namoyon qilmoqda. Mazkur dorilar yoshlarimizning hayotiga kirib borayotgani sir emas. “Bu – giyohvand emas shunchaki, kayfiyatni ko‘taradigan, hayotga ishtiyoq uyg‘otadigan, kuch beradigan dori”, deydiganlar adashadi. Ular ham vujudni talvasaga tushiradi, qaramlikka olib keladi, kuchli og‘riqlar paydo qiladi, alaloqibat o‘lim bilan tugaydi.

Mamlakat 30 yoshdan oshgan, ayni yetuk ayol yoshida, o‘z taqdirini o‘zi yaratish imkoniga ega. Ammo u tungi klublar va ko‘ngilochar maskanlarda yurishni, tarallabedod yashashni tanladi. O‘ziga mos “do‘stlar” orttirdi. Ular unga “tez boyib ketish yo‘llarini” o‘rgatishdi.                                      

2023 yilning iyun kunlarining birida, soat 01.30larda  Mamlakat Dostonbek bilan  tungi  klublarning biri oldida uchrashadi. Ko‘p miqdorda kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni  pulini sotganidan keyin berish sharti bilan oladi. Albatta, undan boshqa narxda olib, ustiga yana qo‘yib sotish uchun. Dostonbek shuncha dorilar bilan yurish xavfli ekanligini, uyiga eltib qo‘yishini aytadi. Yo‘lda Dostonbek boshqaruvidagi “Matiz” rusumli  avtomashina  Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda, har ikkisi o‘zlarini shubhali tuta boshlashdi. Avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda, 240 dona  kuchli taʼsir qiluvchi dorilar aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergov jarayonida mazkur dorilar savdosiga aralashgan yana boshqa shaxslar ham aniqlandi. 1986 yilda tug‘ilgan, to‘rt marotaba sudlangan Davron, 1991 yilda tug‘ilgan, ilgari uch marta sudlangan Dostonbek, 1989 yilda tug‘ilgan Azizjonlardan iborat jinoiy guruh mo‘may pul topish maqsadida, kuchli taʼsir qiluvchi dorilar savdosini yo‘lga qo‘yishganligi maʼlum bo‘ldi.

O‘z navbatida Davron ham nomaʼlum shaxslarga  ko‘p miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 500 AQSH dollariga  sotayotgan paytida huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Tergov  jarayonida Dostonbek  Azizdan  160 dona  kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotish uchun olganligini bildirdi. Dostonbekning ko‘rsatmalariga asosan, uning vaqtinchalik yashash manzili, Chilonzor tumanidagi xonadon ko‘zdan kechirilganda, puxta yashirib qo‘yilgan jami 200 donadan ortiq bir necha nomdagi kuchli taʼsir qiluvchi dorilar xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.

– Tergovda  Davron va Dostonbeklar  keltirilgan ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalariga, hamtovoqlari bilan yuzlashtirilishiga qaramay, jinoyatlarini rad eta boshlashdi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor  Kamoliddinn Narziyev. – Biroq dastlabki tergovda ularning aybi to‘liq isbotlandi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi  keltirilgan dalillar, videotasvirlar, o‘tkazilgan ekspertiza xulosalariga tayanib, jinoiy guruh aʼzolariga qonuniy jazo tayinladi. Chunonchi, Mamlakat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251 prim.1-moddasiga asosan aybli deb topilib, olti  yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Davron O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251 prim.1-moddasiga asosan, yetti  yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Dostonbek O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi, 251 prim.1-moddasi bilan aybli deb topilib, jinoyatlar majmui tariqasida  tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Aziz O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251 prim.1-moddasi bilan yetti yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Barcha sudlanuvchilar jazoni o‘tash joylarida toksikomaniyadan majburiy davolanishi belgilandi.

Shu o‘rinda narkomaniya  va toksikomaniya kasalligiga chalingan shaxslarning panjara ortida  umrlarining eng gullagan, eng yorqin, eng bebaho yillarini to‘rt devor ichida o‘tishiga bir necha lahzalik kayfu safo arzirmikan, deb so‘raging keladi. Ularining ham farzandlari bor. Xo‘sh, farzandlarning ahvoli nima bo‘ladi?! Dorilar taʼsirida  kayfga berilib, dunyo tashvishlarini unutib, “osmonda uchib yurgan” paytlarida bolalarining taqdiri haqida o‘ylamasa kerak bangilar. Shu dorilarni o‘zgalarga sotayotganida-chi, nimani o‘ylagan, o‘zining farzandlari shu dorilardan zaharlansa nima bo‘lardi?!

Odatda ular boshida bu giyohvandlik emas, bu qaramlikka olib kelmaydi, istagan paytimda voz kecha olaman, deb o‘ylashadi.  Ammo bu ularning umrlarini yemirib, qaramlikka, isteʼmol qilmasa jon talvasasiga tushishiga, bor-budini sotishga, sog‘lig‘i yo‘qolishiga, oilasi parokanda bo‘lishiga olib kelganiga guvoh bo‘lganmiz. Halollik qolib haromni tanlagan kimsalarning holi ertami kechmi shunday tugashi aniq.

Barcha yangiliklar

Text to speech