Joriy yil boshida Yurtboshimiz tomonidan respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qabul qilingan Qarori poytaxt IIBB tomonidan ijroga olinib, bu boradagi ishlar ko‘lami va sur’ati kuchaytirilgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida olib borilgan ishlarning tahlili ushbu qaror ijrosi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar qabul qilishga asos bo‘ldi. 2025 yil 18 avgustida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra, Toshkent shahrida jami 14 ta kriminogen vaziyati og‘ir va murakkab sanalgan mahallalar sifatida tavsiflangan mahallalarda amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, Chilonzor tumanidagi 5 ta – “Novza”, “Chilonzor”, “Qozirobod”, “Beshchinor” va “Ko‘tarma” mahallalari raislari, “yetti”ligi, faollari, mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Farruh Giyasov, boshliq o‘rinbosarlari hamda IIV Akademiyasi mas’ullari: iste’fodagi general-mayor Tohir Mullajonov, Akademiya boshlig‘i yordamchisi polkovnik I.Himmatovlar qatnashdilar. Yig‘ilganlar “Qozirobod” mahallasi raisi A.Mutalov tomonidan qaror doirasida mahalla hududida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishib, bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. So‘zga chiqqanlar qarorning mazmun-mohiyatini sharhlab, mahallalardagi kriminogen vaziyatni mo‘tadillashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish uchun jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ular bilan yakka tartibda profilaktik-tushuntirish ishlarini olib borish, yashash sharoitlari, muammolarini har tomonlama o‘rganish orqali to‘g‘ri hayotga yo‘llanmalar berish haqida so‘z yuritdilar. Iste’fodagi general-mayor T. Mullajonov jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha o‘z ish tajribasidan kelib chiqqan holda, qator chora-tadbirlar va amaliy ishlarni tavsiya sifatida o‘rtaga tashladi. Yig‘ilish so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga rahbarlar tomonidan javob berildi. Shuningdek, qaror ijrosini samarali ta’minlash, mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amaliy ishlar belgilanib, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.