25 Avgust 2025 Yil 592

Muammolar yechimi — muloqotda: Ichki ishlar vaziri tomonidan fuqarolarning murojaatlarini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan shaxsiy qabulning sarhisobi

Joriy yilning 24-avgust kuni Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan fuqarolarning navbatdagi qabuli oʻtkazildi.

Taʼkidlash joizki, Davlat rahbarining fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyatini samaradorligini oshirishga qaratilgan topshiriqlarini ijrosini amalda taʼminlashga qaratilgan mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi – jamiyatda adolatni taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning muammolarini oʻz vaqtida aniqlab, hal etish orqali davlat va xalq oʻrtasida ishonchni mustahkamlashdan iboratdir..

Qabul jarayonida fuqarolardan jami 329 ta murojaat qabul qilindi. Murojaatlarning asosiy qismi davlat organlarining aholi bilan boʻlgan munosabatlaridagi kamchiliklar, huquqiy tushuntirishlar yoki muayyan xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlar bilan bogʻliq boʻlib, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jinoyat ishlarini tergov qilish va surishtiruv jarayonlaridagi masalalar, ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtishga oid, shuningdek mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish kabi masalalarni qamrab oldi.

Qabul qilingan murojaatlardan 139 tasi (42 foizi) tegishli huquqiy asoslar bilan ijobiy hal etildi. Qolgan 190 ta murojaat (58 foizi) boʻyicha kompleks oʻrganish talab etilishi tufayli ijrosini nazoratga olish va yechimini taʼminlash boʻyicha soha masʼullariga alohida vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari tomonidan fuqarolar bilan oʻtkazilgan shaxsiy qabullar davomida jami 349 ta murojaatlar qabul qilingan boʻlib, ulardan jami 124 tasi (35 foizi) tadbir jarayonida ijobiy hal etildi.

Fuqarolardan kelib tushgan jami 225 ta murojaatlar (65 foizi) boʻyicha muammolar qoʻshimcha oʻrganishni talab qilganliklari bois ijrosi nazoratga olinib, ularga aniq yechimlar topilishi maqsadida soha mutasaddilariga tegishli vazifalar yuklatildi.

Ichki ishlar vazirligi hamda hududiy boʻlinmalari rahbarlari tomonidan tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar, mamlakatimizda adolatli davlat boshqaruvi va aholi bilan davlat organlari oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va davlat xizmatlarini yengillashtirishga qaratilgan muhim yondashuvlar sifatida qabul qilinmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech