23 Iyul 2025 Yil 493

“Dedi-dedi”- jinoyatga yetakladi

Bezorilik jinoyatini sodir etib, jazosini o‘tab qaytgan Behruz go‘yoki uni birov ataylab ikki yilu 8 oyga ozodligini cheklagandek har narsadan shubhalanadigan, tirnoq ostidan kir qidiradigan, yaxshi gapga ham o‘ta asabiy va tajovuzkor javob berishni odat qildi. Unga ilgari osh-qatiq bo‘lgan oshno-og‘aynilari xushlamay shunchaki qo‘l uchida salomlashayotgandek tuyular bu esa battar uning g‘ashini qo‘zg‘atardi. Bu ham yetmagandek, o‘zi haqida kimlarningdir nimalardir deyayotgani bilan qiziqqan Behruz darrov gap yetkazuvchi do‘stini ham topib oldi. Uning “axborot” berishicha, Mirsaid Behruz sudlangani hamon u haqida nomaqbul so‘zlar aytib, uning “bo‘lmag‘ur, yaxshilikni bilmaydigan, yaramas” hamda yana ko‘plab yomon sifatlari haqida gap tarqatgan emish. Bularni eshitgan Behruzning tepa sochi tikka bo‘lib, darhol Mirsaidga qo‘ng‘iroq qilib, “o‘g‘il bolacha gaplashish” uchun chaqirdi. 2024 yilning 22 aprel kuni soat 20.00 ga belgilangan uchrashuvga yarim soat kechikib, boz ustiga Mirsaid bir o‘zi kelmay yana ikki umumiy tanishlari bo‘lgan Yusup, Saidaminlarni ham boshlab kelgani Behruzga yoqmadi. Mirsaidning unga qo‘yilgan ayblovlarni keskin rad etishi esa uning jazavasini qo‘zitdi. Behruz o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan o‘zini oqlayotgan Mirsaidning qorin qismiga urdi. So‘ng pichoqbozlikni to‘xtatib qolmoqchi bo‘lgan Saidaminga hezlandi. Uning bosh o‘ng tepa va o‘ng chakka qismlariga, Yusupning ko‘krak qismiga pichoq bilan tan jarohatlari yetkazdi. So‘ngra o‘zi qocha boshladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi ochiq sud majlisida 2002 yilda tug‘ilgan , ma’lumoti o‘rta-maxsus, muqaddam sudlangan R.Bexruzning jinoiy qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye”, “l” bandlari (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybdor deb topdi. Uning chin dildan pushaymonligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini e’tiborga olib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Mazkur jinoyat ishi Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, katta leytenant S.Ahrorovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech