19 Avgust 2024 Yil 1744

Davr bilan hamnafas

          Otabek Akramov yurtimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgan, dunyoda o‘z o‘rnimiz, o‘z so‘zimiz, erkinligimizga erishgan yilda tavallud topgan yoshlardan. U erkinlik shabadasi, ajdodlar qoldirgan qadriyatlar tiklanayotgan, meroslarimiz o‘rganilayotgan davr bilan hamnafas qadam tashladi. Maktabda taʼlim oldi, kasb-hunar bilim yurtida hunar egalladi, Qurolli kuchlarda yigitlik burchini ado etdi. Ichki ishlar idoralaridagi faoliyatini 2015 yilda Toshkent shahar IIBB Yashnobod tumani IIO FMBda safdorlikdan boshladi. Sohaning sir-asrorlarini tuman boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Oybek Otajonovdan o‘rgandi. Tirishqoqligi, zimmasiga yuklangan vazifalarni sidqidildan bajarishi, masʼuliyatni his qilishi rahbariyat eʼtiboriga tushdi. Puxta, intizomli, xushmuomala xodim 2022 yilda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmatining Kotibiyatiga ish yurituvchi lavozimiga o‘tkazildi. Bu sohada unga xizmat boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Akmal Adilov, safdor Ilhom Alimovlar ustozlik qilib, sohaning o‘ziga xos jihatlarini – meʼyoriy hujjatlar bilan ishlash, ijro nazorati, oylik, chorak va yillik hisobotlarni to‘g‘ri tayyorlash, maʼlumotlarni o‘z vaqtida yetkazish va nazoratga olish, maxfiy va xizmatga doir hujjatlar talablariga rioya etish, arxiv hujjatlari, maxfiylik tartibotiga amal qilish kabilarni o‘rgatdilar. Ichki ishlarda faoliyat yuritar ekan, bilimlarini oshirish, oldinga intilish kerakligini anglagan Otabek poytaxt oliygohlaridan biriga sirtdan o‘qishga kirdi. Bu yil  4-kursni bitirish arafasida. Safdor Otabek Akramov mustaqillik tufayli yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar haqida o‘z fikrlari bilan shunday bo‘lishadi:


       – Yurtimiz ozod, xalqimiz ozod, tilimiz ozod. Mamlakatimizda ko‘plab qurilishlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Mustaqillikkacha bo‘lgan va undan keyingi yurtimizni taqqoslasak, sanoat, qishloq xo‘jaligi, sanʼat, sport, ijtimoiy hayotda, qo‘ying-chi, har jabhada ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlarni ko‘ramiz. Ochilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlarni eʼtirof etmay  bo‘lmaydi. Mustaqillik tufayli  bugun men ham ish bilan birga Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi institutining sirtqi bo‘limida o‘qish baxtiga muyassarman. Shunday Vatanda tug‘ilganimdan, mustaqillikka tengdosh ekanligimdan faxrlanaman. Uning abadiy bo‘lishiga ishonaman, yurtimning baxtli kelajagiga oz bo‘lsada hissa qo‘shayotganimdan faxr hissini tuyaman, – deya o‘z so‘zini tugatadi qahramonimiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech