Joylarda rahbar xodimlarning aholi bilan yaqindan muloqot yuritib, ularni qiynayotgan, o‘ylantirayotgan masalalar, muammolariga yechim, savollariga javob topish borasidagi ochiqdan-ochiq muloqotlar joriy yilda ham davom ettirilmoqda. Fikrimizning isboti o‘laroq bugun Toshkent shahar IIBB asosiy binosida Bosh boshqarma boshlig‘i, general-mayor Aziz Tashpulatovning poytaxt fuqarolari bilan navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tganini taʼkidlash joiz. Unda o‘ttizga yaqin fuqarolar o‘zlarining huquqiy, ijtimoiy, maishiy va boshqa turdagi murojaatlari bilan qatnashdi. Aksariyat fuqarolarning murojaatlari shu yerning o‘zida tezkor hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va tekshiruv talab qiladigan murojaatlar rahbar tomonidan qatʼiy nazoratga olindi. Murojaatlarni mazmunan tahlil etadigan bo‘lsak, mahalla obodonligini yaxshilash, hudud sektorlaridagi mavjud muammolar, tergovga qadar tekshiruv va tergov jarayonlari bilan bog‘liq holatlar tashkil etdi. Fuqarolarning aksariyati huquqiy tushuntirish va qonuniy maslahatlardan qoniqish hosil qilishdi. Poytaxt aholisi muammolariga birgalikda ijobiy yechim topish, savollariga qonunan javob berish, manfaatlarini himoya qilish borasidagi uchrashuv va muloqotlar muntazam davom ettiriladi.