4 Aprel 2024 Yil 922

Davlatimiz tinchligi uchun barchamiz birdek masʼulmiz

Yurtimizda aholi tinchligi va farovonligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish hamda ularga qarshi kurashish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tunu-kun xizmat qilmoqdalar. Lekin hozirda dunyoda yuz berayotgan murakkab vaziyatda ko‘plab yoshlarimiz bilib-bilmay jinoyat yo‘liga kirayotganligi, aqidaparastlik kabi yot g‘oyalar taʼsiriga tushib qolayotganligi barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda.

Xorijdan turib, ijtimoiy tarmoqlar orqali ish taklif qilgan shaxslarning aksariyati jinoiy guruh aʼzolari bo‘lib, yoshlarni yengil daromad topish vaji bilan jinoiy faoliyatga jalb qilmoqda. O‘zga yurtlarda jangarilar safiga qo‘shilib qo‘liga qurol ko‘targanlar, terroristik xunrezliklar sodir etayotganlar, ertaga o‘z yurtiga kelib Vataniga tosh otmasligiga kim kafolat beradi?! To‘g‘ri, jinoyat uchun jazo muqarrar, hech bir jinoyat jazosiz qolmaydi. Lekin, jinoyatga qarshi kurashgandan ko‘ra, uni oldini olish yana-da ko‘proq samara beradi. 

Farzandlarimiz – bizning kelajagimiz. Shunday ekan, har bir yoshni sizu-biz yot g‘oyalardan, jinoyatchilar to‘ridan himoya qilishimiz kerak. Bugun o‘z vaqtida ko‘rilgan chora, ertaga albatta o‘z samarasini beradi. Bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan maqol xalqimizda bejiz aytilmagan.  

Shahrimiz aholisining hushyorligini oshirish, yoshlarni salbiy omillardan himoyalash, ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘layotgan kiber xujumlardan saqlanish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan muntazam ravishda profilaktik targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. 

Xususan, poytaxtimizning Olmazor tumanidagi taʼlim muassasalarida va mahallalarida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Unda Olmazor tumani fuqarolari, mahalla faollari va yoshlar, IIV Akademiyasi professor o‘qituvchilari, Toshkent shahar IIBB masʼullari ishtirok etmoqda. “Vatanga daxldorlik, yoshlar orasida radikallashuvni oldini olish”, “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston tajribasi”, “Tarix – o‘zlikni anglash demakdir” mavzularida o‘tkazilgan uchrashuvlarda tinchlik va osoyishtalik uchun har bir fuqaro birdek masʼul ekanligi taʼkidlandi. Diniy ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari, insonlar hamda jamiyat uchun xavfi tushuntirib berildi. Tadbir davomida mavzuga oid videoroliklar namoyish etildi.

Joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech