3 Noyabr 2025 Yil 312

Davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidovni xotirlab

Yurtimiz O‘rta Osiyo davlatlari o‘rtasida mashinasozlik, energetika, kimyo, neft, ko‘mir, gaz, oltin ishlab chiqarish, tog‘-kon-metallurgiya, texnika, samolyotsozlik, yengil sanoat, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarida yuqori darajalarga erishgan. Bu muvaffaqiyatlarga erishishda atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi, marhum Sharof Rashidovich Rashidovning xizmatlari beqiyos. Sharof Rashidov Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi: Moskva ostonalaridagi janglarda, shimoliy-g‘arbiy frontda, Voloxov fronti 38-gvardiyachi diviziyasida mardona jang qilib og‘ir yaralangan. Janglardagi jasorati uchun 1942 yili “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlangan. Frontdan qaytgach, 1943 yildan oddiy muallim, 1950 yili O‘zbekiston Oliy Soveti Prezidiumi raisi, 1959 yildan esa O‘zbekiston Respublikasining Birinchi kotibi etib saylanib, davlat rahbari darajasiga ko‘tarilganlar. Sharof Rashidovich Rashidov 1983 yilning 31 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari chog‘ida yurak xurujidan vafot etadilar.
Joriy yilning 31 oktyabrida Sharof Rashidovning vafot etganiga 42 yil to‘ldi. Shuncha yil o‘tsa hamki, Sharof Rashidovning nomi O‘zbekiston xalqi va tarixida mangu o‘rin olib qolmoqda.
Shu munosabat bilan 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasini 25 yil davomida boshqargan, atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovich Rashidovni xotirlab, “Yangilanayotgan O‘zbekistonda, inson aziz – xotira muqaddas” shiori ostida Chig‘atoy qabristonida va Sharof Rashidovning byusti o‘rnatilgan xiyobonda Yunusobod tumani IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Mahkam Vafoyev tashabbusi bilan xotira marosimi o‘tkazildi. Unda Sharof Rashidovning farzandlari, tumanda joylashgan 58-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari, IIV Akademiyasi kursantlari, Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari va faxriylar kengashi a’zolari qatnashdilar. Tadbirda so‘zga chiqqanlar Sharof Rashidovning mamlakatimizning rivoji va yuksalishiga qo‘shgan ulkan hissalari va insoniylik fazilatlari, meros qoldirgan badiiy asarlari haqida so‘z yuritdilar.

Barcha yangiliklar

Text to speech