Ichki ishlar idoralaridagi sohaviy xizmatlar talaygina bo‘lishiga qaramay, ularning maqsadlari bitta – xalq tinchligi, osoyishtaligini saqlash, qonunbuzilishlari, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, jinoyatlarni fosh etish. Shunday xizmatlardan biri ekspert-kriminalistika xizmatidir. Voqea joyiga tezkor-tergov guruhi tarkibida albatta, ekspert-kriminalist yetib boradi. Ekspertning tajribasi, bilimi, ziyrakligi va aniq xatti-harakati, ahamiyatsiz ko‘ringan narsalarga eʼtibori eng chigal jinoyatlarni ham tez fursatlarda ochilishiga xizmat qiladi. Voqea joyidan olingan eng ahamiyatsizdek tuyulgan ashyoviy dalil ham jinoyatchini qonun oldida javob berishini taʼminlaydi. Jinoyatni fosh etish amaliyotida ilmiy asoslangan dalillar nafaqat tergovni adolatli olib borilishini taʼminlaydi, balki begunoh shaxsni aybsizligini isbotlashga ham yordam beradi.
Yunusobod tumani IIO FMB ekspert-kriminalistika bo‘limida o‘z ishining jonkuyarlari, mutaxassislari faoliyat yuritib kelmoqda.
- Bo‘limimizdagi xodimlar qalb amri bilan mazkur sohani tanlagan. Buni har bir topshiriqni ishtiyoq va g‘ayrat bilan bajarishidan bilib olish qiyinmas, - deydi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Zohid Kadirov. – Tajribali, bilimli, o‘z ishining ustasi bo‘lgan xodim bilan ishlash voqea joyiga chiquvchi tezkor-tergov guruhi uchun ham muhim. Buni tezkor-tergov guruhi aʼzolari ham tasdiqlaydi.
Bo‘limning katta eksperti, podpolkovnik Mariya Maxmudova mana yigirma yildan beri o‘z faoliyatini sidqidildan bajarib kelayotgan xodimlardan. Shu yillar davomida daktiloskopiya, hujjatlarni texnik ekspertizasini o‘tkazish, sovuq qurollarni tadqiq etish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda. O‘z bilimlarini hamkasblari bilan o‘rtoqlashadi.
Bo‘lim katta eksperti, podpolkovnik Nabi Po‘latov ham o‘n besh yildan buyon shu sohada. Xizmati davomida ular ko‘plab voqea joyiga chiqib, sodir etilgan jinoyatlarni tez va “issiq izi”dan ochilishiga hissa qo‘shib kelishmoqda. Xuddi shuningdek, podpolkovnik B.Kasimov, kapitan F.Rahimjonovlarning ham o‘z kasbining jonkuyarlari, deb bemalol aytish mumkin.
- Xodimlarimiz doimo o‘z kasb mahoratini oshirish ustida izlanishlar olib borishadi. Agar ishni daktiloskopiya yo‘nalishida boshlagan bo‘lishsa, vaqt o‘tib trassologiya, xatshunoslik va ballistika yo‘nalishlarini egallash uchun maxsus kurslarda bilim olishadi, - deydi Z.Kadirov. – Yodimda qolgan voqayelardan birini gapirib bersam. Sodir etilgan qotillik jinoyatini ko‘zdan kechirish vaqtida ancha muddat hech qanday “iz” topolmay umidsizlana boshladik. Qayta-qayta xonadon ko‘zdan kechirildi. Jinoyatchi qotillikka puxta tayyorgarlik ko‘rgani, izlarni yo‘qotgani sezilib turardi. Oshxonadagi buyumlardan birida bilinar-bilinmas barmoq izlari aniqlandi. Chuqur izlanishlar oqibatida izlarni tiklashga muvaffaq bo‘lindi. Va kartotekada tekshirilganda, u ashaddiy jinoyatchiga tegishli ekanligi maʼlum bo‘ldi. Tergov jarayonida qotilning aybini tan olishdan boshqa chorasi qolmadi.
Maqsad, sodir etilgan jinoyatni ochish ekan, bu yo‘lda har bir olingan ashyoviy dalillar – barmoq izlari, hujjatlardagi soxta imzo va qalbakiliklar bo‘limda birgalikda muhokama qilinadi, haqiqat izlanadi. Bo‘limda ustoz-shogird anʼanasi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa to‘plangan tajriba va yangiliklarni faoliyatda muvaffaqiyat bilan qo‘llash, ish samaradorligini oshirish imkonini beradi.