Yosh kadrlarning ish jarayonlariga tezda kirishib ketishi, ko‘nikmalarni shakllantirish, mustaqil to‘g‘ri qaror qabul qilishi o‘quv jarayonlarida amaliyotni qanday va kimning murabbiyligi ostida o‘taganiga ko‘p jihatdan bog‘liq. So‘nggi paytlarda dual ta’limga ya’ni, nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlab borishga muhim e’tibor qaratilmoqda. Bu Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarda ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, Yurtboshimiz tomonidan “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori bunga yaqqol dalildir. Mazkur qaror asosida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi hamda Toshkent shahar IIBB tomonidan Ichki ishlar organlariga yetuk mutaxassislar yetishtiruvchi o‘quv dargohi – IIV Akademiyasi bakalavriati kunduzgi ta’lim shaklida o‘quv jarayonini dual ta’lim asosida tashkillashtirish bo‘yicha Qo‘shma qaror qabul qilindi. Qarorga ko‘ra bilim yurtining 2025-2026 o‘quv yillari 2 va 3-kurs kursantlarining joriy yilning 9 sentyabridan poytaxt IIBB hududiy tuzilmalarida 7 ta yo‘nalish – tezkor-qidiruv, ekspert-kriminalistika, huquqbuzarliklar profilaktikasi, xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash, tashkiliy-shtab, probatsiya, raqamlashtirish texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatlari bo‘yicha haftaning ikki kunida dual ta’limning amaliyot qismini o‘tashlari belgilandi.
Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Akademiya boshlig‘i polkovnik Rustam Xatamov, IIBB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, kursantlar va ularga biriktirilgan murabbiylar hamda boshqa mas’ullar ishtirok etishdi. Unda joriy etilgan dual ta’lim haqida batafsil ma’lumotlar olinib, amaliyotga start berildi.
Kursantlarga har bir yo‘nalish bo‘yicha malakali hamda katta amaliy tajribaga ega xodimlar murabbiy sifatida biriktirilib, ular kursantlarga normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zlashtirish, nazariy bilimlarini amaliyotga tadbiq etishini nazorat qilish qatorida ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi, o‘rnatilgan tartib-qoidalarga amal qilishlarini ham baholab boradilar. Ta’kidlamoq joizki, sohaviy xizmatlar va hududiy bo‘linmalarga biriktirilgan kursantlar ish haqqi belgilanmagan va shtat birliklariga kiritilmagan holda ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha “xodim yordamchisi” lavozimiga tayinlanadilar. Bu tayinlov bo‘lg‘usi xodimlarning mas’uliyatini yanada oshirishga, bilimlarini amalda erkin qo‘llashga, to‘g‘ri qonuniy qaror qabul qilishga turtki bo‘ladi. Yana bir e’tirof etadigan jihati, bilim yurtini bitirgan har bir kursant mustaqil va yetuk xodim sifatida ichki ishlar organlari safiga qo‘shiladi.