Bozor odamlar eng ko‘p to‘planadigan joy. Kimdir bu yerga savdo qilib ro‘zg‘orini tebratish, kimdir uyiga ul-bul xarid qilish, yana kimdir esa...
Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida istiqomat qiluvchi Olimbek (ism- shariflar o‘zgartirildi) poytaxtga yumush bilan kelgandi. U o‘zining «Nexia-3» avtomashinasini «Eski Juva» bozorining avtoturargohiga qo‘yib, do‘konlar tomon yo‘l oladi. Ishlarini bitirib chiqsa, avtoulov eshiklari ochilgan, salondagi katta miqdordagi pullar yo‘q. U tezda «102»ga qo‘ng‘iroq qiladi. Voqea joyiga Shayxontohur tumani IIOFMB tergov-tezkor guruhi xodimlari yetib keladi.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari boshlanadi. Bozor hududidan gumonlanuvchini topish, pichan g‘aramidan igna qidirishdek gap. Ammo mohir xodimlar qo‘lidan uncha-muncha jinoyatchi qochib qutula olmaydi. – Dastlab bozor atrofi va avtoturargohdagi barcha kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlar ko‘rib chiqildi, –deydi tuman IIOFMB 2-sonli IIB JQB tezkor vakili, mayor Nodir Rizayev. – Muqaddam sudlangan shaxslar, bozorda savdo bilan shug‘ullanuvchilar bilan surishtiruv ishlari olib borildi.
Shuningdek, aniq ish va yashash joyiga ega bo‘lmagan kishilar bilan suhbatlashildi. Birovniki birovga buyurmaydi, deganlaridek, harom luqma kun kelib baribir teshib chiqishi tayin. Ziyrak va o‘z ishining ustasi bo‘lgan xodimlarning sa’y-harakatlari tufayli gumonlanuvchining izi topildi. Ilgari ham bir necha bor mana shunday qing‘irliklarni qilib, oson pul topishga odatlangan kimsa bu safar ham xodimlarni chuv tushira olmadi. Olib borilgan tezkor surishtiruv davomida mazkur o‘g‘rilikni Olmazor tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaro Sh.K. sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olindi. Oz emas, ko‘p emas naqd 128 million so‘mni o‘g‘irlagan shaxsning qilmishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.