29 Oktyabr 2025 Yil 246

Tergov amaliyotidan. Boylik vasvasa qilganda...

Ota-ona farzandiga chiroyli, fazilatli ism qo‘yishga intilishi tabiiy. Masalan, el-yurtda, xulq-atvori amallari bilan aziz bo‘lsin deya Azizjon deb ism qo‘yishadi. Bundan hikoyamiz qahramonining ismi Azizjon ekanligini anglagan bo‘lsangiz kerak. Azizjonning maʼlumoti o‘rta, uch nafar farzandning otasi. Nima bo‘ldi-yu u so‘nggi vaqtlarda ishlamay mo‘may daromad topish haqida o‘ylay boshladi. U ishlayotgan oshxonaning daromadsizligi tufayli kasodga uchrab yopilishi uning bu o‘ylarini yana-da tezlashtirib yubordi. Ittifoqo, 2023 yilning fevralida Chilonzor tumanida joylashgan oshxonalarning birida ovqatlanib o‘tirganida tanishi Hakimjonni uchratib qoldi. Ikkisi taom tanovuli ustida gurunglashdi. Hakimjon avtomashina sotib olish niyatini aytganida, Azizjon rejasini amalga oshirish fursati kelganini angladi va unga 7.400 AQSH dollariga yap-yangi Spark avtomashinasi olib berishga qodirligini aytib ishontirdi. Aytilgan vaqt ichida Hakimjon undan vaʼda qilingan avtomashinani so‘raganida u:

– Menga qara, shu gavdangga “Spark” yarashmaydi. Minganga yarasha bundayrog‘ini min. Do‘st-yorlaring oldida ham obro‘, ham havas. Men-ku olib beraverardim. Mundoq o‘ylasam Spark qayoqda-yu, Gentra qayoqda. Yap-yangi, yarqirab turgan Gentra sendan aylansin. Kel ziqnalik qilma, ozgina qo‘sh!

– Shundaylikka shundayku-ya, lekin pul masalasi sal...
– Sal-pali yo‘q. Og‘aynimga aytaman biror hafta kutib turadi.
Oradan ikki haftalar o‘tib, Hakimjon qarz ko‘tarib 10.000 AQSH dollarini Azizjonga keltirib berdi. Uch kun ichida Gentra li bo‘lishni niyat qilgan Hakimjon bir hafta o‘tib, Azizjon bilan uchrashgan kunni katta afsus-nadomat bilan esladi. Aldangani alam qildi. Nima ham qilardi, uni urib bo‘lmasa, so‘kib bo‘lmasa – ichki ishlar organlariga murojaat qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi ochiq sud majlisida 1991 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, uch farzandning otasi, muqaddam sudlanmagan B.Azizjonning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning muqaddam sudlanmaganligi, aybiga to‘liq iqrorligi, pushaymonligi, oilaviy sharoiti, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi inobatga olinib, sud bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravari miqdorida, yaʼni 24.750.000 so‘m jarima jazosini belgiladi.

Ushbu jinoyat ishi tafsilotlari Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Ixtiyor Maxammatovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech