... birovdanmas o‘zingdan ko‘r”, degan maqolni lavhamiz qahramoni eshitmagan ko‘rinadi. Nega bunday deyayotganimizga uning qilmishlarini misol keltirish kifoya. Murod yurtimizning uzoq viloyatidan poytaxtga ishlagani keldi. Qo‘lida hunari bo‘lmagan yigit tanish-bilishlarining ko‘magida avtomashinalarga xizmat ko‘rsatuvchi avtoservis ustalariga shogirdlikka tushdi. Ko‘plab ustozlarni ko‘rdi, sababi – uning fikricha ustozlari kasb sirlarini yashirib, astoydil o‘rgatmaganligi edi. Uch yil ichida yigirmadan ortiq ustoz ko‘rgan, nazarida oson tuyulgan “elektriklik” kasbini chalakam-chatti o‘rgangan Murod 2024 yilning boshida tanishi S.Temurni uchratib qoldi. Murodning gaplaridan uni professional elektrik deb o‘ylagan Temur birgalikda avtoservis ochish haqidagi gaplariga uchib, ijaraga joy oldi. Ammo hamkori yarim yil ham o‘tmay uning “professionalligi” turib turgan yolg‘onligi, aslida noshud va no‘noqligi, maydagapligini bilgach orada janjal chiqdi. Chunki, ko‘plab mijozlar uning ishi tugul muomalasidan ham norozilik bildirib, hatto mushtlashishgacha borgandi. Murod qo‘l siltab, uning qadriga yetmagan bu ishxonani ham tark etdi. Bu hunar orqali hech bir ishxonada – aslida hafsalasizligi, tirnoq ostidan kir qidirishi, baʼdfeʼlligi sabab – ishlay olmasligiga ko‘zi yetgan Murod 2024 yilning 13 may kuni avval ishlab ketgan Yangihayot tumanidagi avtoservisga bordi. Ish Qizg‘in, ustalarning qo‘l-qo‘liga tegmaydi. T.Valisher bilan salomlashgach, uning o‘ta bandligini ko‘rib, bir oz gapga soldi. Ish bilan chalg‘iganidan foydalanib, narxi 1000 AQSH dollari bo‘lgan “Asus” kompyuter qurilmasi, narxi 750 AQSH dollarilik bir dona “Scanmatik” uskunasi, narxi 800 AQSH dollari bo‘lgan avtomashinalarga dastur o‘rnatishda foydalanadigan “CombiLoader” qurilmasi, jami 2.550 AQSH dollarilik qurilmalarni o‘marib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. U o‘z jinoiy harakatlarini davom ettirib, ertasi kuni yana bir avtoservisga yo‘l oldi. Eski tanishlari bilan salom-alik qilib, ish so‘ragan bo‘ldi. Bahonada qulay vaqt poylab, M.Boburjonga tegishli bo‘lgan avtomashinalarning gaz bosimini o‘lchaydigan, narxi 100 AQSH dollari bo‘lgan “gaz kabeli”, 3.500 AQSH dollarilik “Dell” dasturlovchi kompyuter uskunasi, 750 AQSH dollarilik “Scanmatik” qurilmasi, jami 4.350 AQSH dollarilik anjomlarni o‘g‘irlab ketdi.
— Ishchilar buyumlarni va o‘g‘rini tezda aniqlashdi, – deydi Yangihayot tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Muhammad Xudoynazarov. – Murod ham aybiga iqror bo‘ldi. Aslida o‘g‘irlik qilish fikri bo‘lmaganligi, ammo sobiq hamkasblarining o‘z ishlarini sidqidildan bajarayotgani, berilib ishlayotganini ko‘rgach, hasadi kelganligi, o‘zini go‘yoki kamsitilgandek his etgani uchun qurilmalarni o‘g‘irlaganini tan oldi. Bir so‘z bilan aytganda, u o‘z omadsizligida aybni o‘zidan qidirish o‘rniga begonalarni ayblashni maʼqul ko‘rdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yanghayot tuman sudi ochiq sud majlisida 1999 yilda tug‘ilgan, oilali, muqaddam sudlanmagan A.Murodning jinoiy xatti-harakatlarini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi, 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topdi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplaganligi, ularning moddiy va maʼnaviy daʼvosi yo‘qligi, yarashganligi, aybiga to‘liq iqrorligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, ota-onasining og‘ir xastaligini inobatga olib, kodeksning 57-moddasini qo‘llab, 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.