2 Iyun 2025 Yil 523

Bosh boshqarma futbol terma jamoasi — ikkinchi

Avval xabar berganimizdek, Toshkent shahar IIBB futbol jamoasi XXXIV-Spartakiadasidan o‘rin olgan futbol musobaqalarida faol ishtirok etib, final bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda. Joriy yilning 31 may kuni Respublika Ichki ishlar vazirligi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida ushbu bellashuvlarning so‘nggi tur o‘yinlari va g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqaning final bosqichida Toshkent shahar IIBB hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmati jamoalari o‘zaro hal qiluvchi bahslar uchun maydonga tushishdi. G‘oliblik shohsupasining birinchi o‘rindan joy olish uchun kechgan qizg‘in va shiddatli o‘yinlarda Prezident davlat xavfsizligi xizmati terma jamoasi faxrli 3-o‘rinni, Toshkent shahar IIBB terma jamoasi 2-o‘rinni, birinchilikni esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi qo‘lga kiritdilar. Musobaqaning g‘olib va sovrindor jamoalariga tegishli diplom, medal, kubok hamda esdalik sovg‘alari muxlislarning davomiy olqishlari ostida tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Bosh boshqarma terma jamoasining g‘alaba qozonishiga fidoyilik, jismoniy tayyorgarlik va tashabbuskorlik sifatlari bilan hissa qo‘shgan bir guruh masʼullarning nomlari qayd etib o‘tildi. Ushbu musobaqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik va o‘zaro hurmat, jismoniy chiniqish va xizmat masʼuliyatini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni mustahkamlab, xizmat faoliyatlarda yuksak vatanparvarlik g‘oyalarini shakllantirishda muhim o‘rin tutishi taʼkidlandi. G‘alabani qo‘lga kiritishda g‘ayrat-shijoat, yakdillik, mahorat ko‘rsatgan futbol terma jamoamizni faxrli o‘rin bilan muborakbod etib, ularga xizmat va shaxsiy hayotlarida hamisha omad va zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

 

Barcha yangiliklar

Text to speech